Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Tadbirkorlar kuni munosabati bilan biznes vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda 600 dan ziyod startaplar faoliyat yuritayotgani aytib o‘tildi. Sakkiz yil ilgari ularning soni barmoq bilan sanarli edi.
“Eʼtibor bering, yetti oyni o‘zida startaplarga rekord miqdorda — $264 mln xorijiy investitsiya keldi. Bu 2024-yil davomida kirgan sarmoyalardan 4 barobar ko‘p. Shu bois startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yana-da jonlantiramiz”, — dedi prezident.
Yoshlarning 1 mingta startap g‘oyasi tijoratlashtiriladi va shundan 200 tasi xalqaro bozorga olib chiqiladi. Eng ilg‘or texnologiyalar olib kelinib, 100 ta mahalliy startap xalqaro miqyosda jozibador biznesga aylantiriladi. Bunga $100 mln beriladi.
Bu yildan boshlab, “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. Eng yaxshi 100 ta g‘oya tanlab olinib, har bir startap uchun 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritiladi. Bu loyihalarni brendga aylantirish uchun moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlarning xarajatlari qoplab beriladi.
“G‘oliblarni 20-avgust — Tadbirkorlar kunida taqdirlasak, o‘ylaymanki, yosh tadbirkorlarga bu ham katta motivatsiya bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.
Avvalroq talabalar va maktab o‘quvchilarining startap g‘oyalari uchun grantlar berilishi haqida xabar berilgandi.