Hukumatning 20-avgustdagi qarori bilan “Jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni Kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritish yoki ushbu reyestrdan chiqarish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirliging Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Nizomga ko‘ra, maʼlumotlarni mazkur reyestrga kiritish yoki chiqarish bo‘yicha arizalar Yagona portal (my.gov.uz), davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali taqdim etiladi.

Ariza beruvchi o‘zi kelib, kredit byurosiga yozma murojaat etganda, ariza beruvchiga QR-kod qo‘yilgan maʼlumotnoma beriladi.

Davlat xizmatlari markazlari xizmatning natijasini u kelib tushgandan so‘ng 10 daqiqa ichida ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki taqiqni olib tashlash to‘g‘risidagi ariza yuborilgan sana va vaqt, taqiq belgilangan yoki olib tashlangan sana va taqiq shartlari haqidagi maʼlumotlar shaxslarning kredit tarixida aks ettirib boriladi.

Davlat xizmatlari markazlari va kredit byurolari olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.

Kredit olishni taqiqlash tizimi

Joriy yilning 6-iyunidan boshlab O‘zbekistonda o‘z-o‘ziga kredit berishni taqiqlash xizmati ishga tushdi. Undan Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi saytidan bepul foydalanish mumkin.

Xizmat yordamida shaxs kredit byurosiga ariza berishi va unga kredit yoki qarz berishni taqiqlashi mumkin. Ikki oydan kamroq vaqt ichida qariyb 73 ming kishi o‘z ixtiyori bilan kredit olishni taqiqlagan.

Spot fuqarolar o‘z nomiga kredit rasmiylashtirilishiga onlayn taqiq qo‘yish bo‘yicha xizmat nima uchun kerakligi, shuningdek, xizmatdan qanday foydalanish mumkinligi haqidagi qo‘llanmani taqdim etgandi.

Bundan tashqari, hozirda kredit byurosi orqali kredit tarixi o‘rganilishini cheklab qo‘yish mumkin. Xizmat orqali fuqarolar o‘zlariga tegishli kredit tarixi ma’lumotlarini olinishini taqiqlab qo‘yishlari mumkin bo‘ladi.

IIV Kiberxavfsizlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019−2024 yillarda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni 68 barobarga oshgan. Kiberjinoyatlardan fuqarolarga yetkazilgan umumiy zarar esa 2021−2024 yillarda 1,9 trln so‘mdan oshgan. O‘tgan yili jami 58,8 mingta huquqbuzarlik sodir etilgan. Shundan 4%i o‘zganing nomiga onlayn kredit rasmiylashtirishga to‘g‘ri kelgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning to‘qqiz oyida fuqarolar nomiga onlayn kreditlarni firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirish bilan bog‘liq 463 ta holat qayd etilgan. Ushbu jinoyatlardan yetkazilgan umumiy zarar qariyb 15 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Avvalroq Yagona portal orqali o‘z nomiga kredit rasmiylashtirishni taqiqlash imkoni yaratilgani haqida xabar berilgandi.