Qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- 4 mln gektardan ortiq yer maydonida ekinlarni ekish va sug‘orish jarayonlarini raqamlashtirish;
- qishloq xo‘jaligida mavjud 30 dan ortiq axborot tizimini yagona platformada birlashtirib, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish hamda ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash.
2026-yil hosilidan boshlab qishloq xo‘jaligi tashkilotlari ekinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona platformasi (Agroportal)ga mustaqil joylashtirib boradi.
Qayd etilishicha, Agroportal sohada xizmat ko‘rsatishning “yagona nuqtasi” sifatida ishlaydi.
Farmon bilan uchuvchisiz uchadigan apparatlar yordamida xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami kengaytiriladi. Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga dron va robototexnika asosida xizmatlar ko‘rsatiladi.
Dron xizmatlariga ariza berish, shartnoma tuzish va to‘lovlarni amalga oshirish Agroportal orqali yo‘lga qo‘yiladi. 30 metrgacha balandlikda uchadigan dronlar xizmatlari vakolatli idoralar tomonidan berilgan yillik ruxsatnomalar asosida taqdim etiladi.
Shuningdek, 2025-yil 1-dekabrdan yerlarning ikkilamchi ijaraga berilishi, shartnoma tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari Agroportal orqali amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-martdan qishloq xo‘jaligi yerlari toifasini o‘zgartirishga oid arizalarni berish, jarayonni onlayn kuzatish va natijalarni olish imkoniyati yaratiladi.