Instagram kontent yaratuvchilariga bir nechta seriyalarni bitta turkumga birlashtirish imkoniyatini taqdim etganini e’lon qildi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.
TikTokda allaqachon mavjud bo‘lgan bu yangi xususiyat tomoshabinlarga o‘zaro bog‘liq kontentni topish va kuzatib borishni yanada osonlashtiradi.
Endi, agar muallif hikoyani bir nechta video va davomli qismlar orqali bayon etsa, tomoshabinlar sahifani aylantirishga yoki turli qismlarni qidirishga majbur bo‘lmasligi uchun ularni o‘zaro bog‘lashi mumkin.
Masalan, mualliflar ko‘pincha obunachilarga “ikkinchi qismni kutib qoling” deyishadi yoki yangilanishlarni kuzatib borishni so‘rashadi. Ushbu yangi xususiyat yordamida mualliflar o‘zaro bog‘liq videolarni shunday tashkil qilishlari mumkinki, tomoshabinlar voqealar rivojini osonlik bilan kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi.
Videoga taglavha qo‘yish orqali yoki ilgari joylangan videolardagi qo‘shimcha menyu orqali videolarni birlashtirish mumkin. Muallif roliklarni seriyaga birlashtirgandan so‘ng, foydalanuvchilar rolikning pastki chap burchagida joylashgan yangi tugma yordamida keyingi rolikka o‘tishlari mumkin.
Ma’lum qilinishicha, yangi funksiyaga talab juda yuqori bo‘lib, u hikoyaning chuqurroq ma’nosini ochib berish imkonini beradi, shuningdek auditoriya e’tiborini uzoqroq jalb qiladi. Bu esa ko‘rish vaqtining ortishiga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, bu funksiya tasodifiy tomoshabinlarni doimiy obunachilarga aylantirish uchun yordam berishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Avvalroq Spot Instagram umumiy qiziqishlarni topish funksiyasini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.
Foydalanuvchilar sevimli filmlar, kitoblar, teleko‘rsatuvlar, o‘yinlar, musiqa yoki “Tanlov"larini belgilaydi, so‘ng Instagram shu tanlovlarga ega do‘stlar bilan o‘xshashliklarni aniqlaydi.