21-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda so‘nggi yillarda bu soha izchil isloh qilinib, sudlar jazolovchi organdan inson huquqlarini himoya qiluvchi tizimga aylantirilgani ta’kidlandi.
Odil sudlovni raqamlashtirish uchun rivojlangan davlatlar tajribasi asosida “Raqamli sud” konsepsiyasi ishlab chiqilib, uni bosqichma-bosqich amalga oshirish choralari belgilandi.
Bu korrupsiyaning oldini olib, fuqarolar va tadbirkorlar uchun odil sudlovga qulay va ovoragarchiliksiz kirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Tahlillarga ko‘ra, fuqarolik va iqtisodiy sudlarda ko‘riladigan da’volarning katta qismi nizosiz ishlarga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bois bunday masalalarni ma’muriy organlar vakolatiga o‘tkazish taklif etilmoqda. Bu fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari muammolarining qisqa muddatda hal etilishini ta’minlaydi.
Yana bir qulaylik — ma’muriy va iqtisodiy sud ishlarini eksterritorial tarzda ko‘rish tartibini joriy etish bo‘ladi. Zamonaviy raqamli texnologiyalar bunday imkoniyatni amalga oshirish imkonini beradi.
Sudyalik lavozimlarining barqarorligi uchun sudyalarni tayinlash muddatlarini qayta ko‘rib chiqish ko‘zda tutilmoqda. Bu adolat va sudga bo‘lgan ishonch tamoyillarini mustahkamlash uchun zarurligi qayd etildi.
Barcha yo‘nalishdagi sudlar bo‘yicha mintaqaviy taftish sudlarini tashkil etish, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlardagi taftish instansiyalarini tugatish taklifi bildirildi.
Bunda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda faqatgina apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi bo‘lishi, taftish instansiyasi esa 5 ta mintaqaviy sudda tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Sud tizimi uchun kadrlar tayyorlashni tubdan takomillashtirish maqsadida Sudyalar oliy maktabi isloh qilinib, uning negizida Odil sudlov akademiyasini tashkil etish konsepsiyasi taqdim etildi.
Davlat rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, tegishli farmonlarni imzoladi. Rejalashtirilgan vazifalar ijrosini tizimli va sifatli ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.