O‘zbekistonda Zoomlion traktorlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda UzA xabar berdi.
Xitoyning Hunan provinsiyasi vitse-gubernatori Van Junshou boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Xitoyning Zoomlion Agriculture Machinery Co., Ltd. va mahalliy Oxus Machinery kompaniyalar guruhi o‘rtasida texnologik hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Shu bilan birga, tomonlar Zoomlion traktorlarini mamlakatda mahalliylashtirish dasturining uchinchi bosqichini boshlab berdi. Platforma sifatida esa Oxus Machinery guruhiga qarashli Profmetservice kompaniyasi tanlangan.
Ishlab chiqarish mahalliy fermerlar ehtiyojlari, O‘zbekistonning tuproq-iqlim sharoitlari hamda agrotexnologiyalarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
Dastur doirasida 2024-yilda mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli xo‘jalik sinovlari o‘tkazilib, unda qaysi turdagi traktorlar qishloq xo‘jaligi uchun maqbul ekani aniqlanib, ularning texnik konfiguratsiyasini ishlab chiqish va ishonchliligini tekshirildi. Turli agrotexnologik jarayonlarga mos keluvchi quvvat qatori, model va konfiguratsiyalar tanlangan.
2025-yilning birinchi choragida dastur ishlab chiqarish bosqichiga o‘tdi. Shu davrda 80 ot kuchi, 160 ot kuchi va 200 ot kuchiga ega bo‘lgan uchta modelning ilk partiyasi ishlab chiqarildi. Uchinchi bosqich esa traktorlarni chuqur mahalliylashtirishga qaratilgan.
Hozirgi bosqichda dvigatel, transmissiya, kabina karkasi va elementlari, gidravlika, elektr va pnevmatika tizimlari kabi asosiy agregat va butlovchi qismlar mahalliy korxonalar bilan hamkorlikda ishlab chiqariladi.
Avgust oyining oxirigacha Zoomlion RS 1604 (160 ot kuchi) traktorining birinchi nusxasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, yil oxirigacha yana ikki model — Zoomlion RC 804 (80 ot kuchi) va Zoomlion RG 2004 (200 ot kuchi) ishlab chiqarishga joriy etilishi kutilmoqda.
Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 1 000 dona traktorni tashkil etadi. Jarayon Zoomlion kompaniyasining texnologiyalar va sifat nazorati asosida olib boriladi. Texnika sotilgandan keyingi xizmat ko‘rsatish ham yo‘lga qo‘yiladi. Oxus Machinery mamlakat bo‘ylab keng tarmoq orqali kafolatli ta’mirlash, texnik xizmat va ehtiyot qismlar ta’minotini amalga oshiradi.
Avvalroq Surxondaryoda yengil yuk avtomobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. Loyihaning umumiy qiymati $30 mlnni tashkil etib, korxonaning yillik quvvati 5 ming dona mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.