Apple 2024-yilda iPhone 16 seriyasida debyut qilgan Camera Control tugmasidan voz kechadi. Bu haqda GSMArena portali xitoylik insayderga tayanib xabar bermoqda.
O‘tgan yilgi iPhone 16 seriyasining asosiy yangiliklari orasida bo‘lgan kamerani boshqarish tugmasi foydalanuvchilar orasida keng tarqalmagan ekan.
Ichki manbalarning ta’kidlashicha, Apple allaqachon yetkazib beruvchilarga Camera Control uchun komponentlarga buyurtma berishni to‘xtatish haqida xabar bergan.
Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, kelayotgan iPhone 17 seriyasi ushbu funksiyaga ega bo‘lgan so‘nggi model bo‘ladi, iPhone 18 esa uni endi o‘z ichiga olmaydi.
Shunday qilib, Camera Control’ning mavjudlik muddati smartfonlarning faqat ikki avlodi — iPhone 16 va iPhone 17 bilan cheklanishi mumkin.
GSMArena xabariga ko‘ra, Apple hozircha bu borada rasmiy izoh bermagan, insaydning ishonchliligi esa shubha ostida — ekspertlar Apple tugmani saqlab qolishini istisno qilmayapti.
iPhone 17 smartfonlarining taqdimoti 9-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Tadbir doirasida Apple to‘rtta bazaviy iPhone 17 modelini, flagman iPhone 17 Pro va Pro Max’ni, shuningdek, Plus versiyalari o‘rniga keladigan o‘ta yupqa iPhone 17 Air’ni taqdim etadi.
Avvalroq Spot Apple iPhone 17 Proda titandan voz kechishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Apple premium materialdan voz kechib, arzonroq alyuminiy yoki zanglamaydigan po‘latdan foydalanadi.