Andijon viloyatining ikkita tumanida temiryo‘l va avtologistika yo‘nalishi tashkil etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov hamda mutasaddi rahbarlar ishtirokida Xitoydan kelgan China Shandong Huada Group kompaniyasi investori va hamkorlari o‘rtasida muzokara o‘tkazildi.
Uchrashuvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, viloyatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, viloyatning Qo‘rg‘ontepa hamda Xo‘jaobod tumanlarida qiymati $500 mlnga teng temiryo‘l va avtologistika yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralardan so‘ng mutasaddilar va xitoylik investorlar loyihalar amalga oshiriladigan hudud bilan tanishdi. “Mazkur hamkorlik viloyatda transport-logistika salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy rivojlanishni taʼminlashga xizmat qiladi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Avvalroq Janubiy Koreya Toshkent-Andijon pulli yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirishda yordam berishi haqida xabar berilgandi.