Xitoy kompaniyasi Farg‘onada yangi materiallar industrial parkini tashkil etmoqchi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bir guruh xitoylik investorlarni qabul qilgan muloqotda viloyat hududlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar muhokama qilindi.
Xitoyning Zhongan Materials Technology Co., Ltd kompaniyasi Farg‘onada yangi materiallar industrial parkini barpo etishni rejalashtirmoqda.
Unda asosiy ishlab chiqarish yo‘nalishlari ko‘mirni qayta ishlash va ekologik toza yoqilg‘i ishlab chiqarish, metall va yog‘ochdan tayyorlangan zamonaviy mebel, quyosh energiyasi asosidagi yoritish uskunalari, ekologik toza temirbeton bloklari (PC-bloklar), tosh-polimer materiallardan tayyorlangan devor va shift panellari hisoblanadi.
Shuningdek, kompaniya biznes-servis markazi va turar-joy hududi qurilishi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutmoqda. Zhongan Materials Technology vakillari viloyat rahbariga mazkur loyihalar xususida ma’lumot berdi.
Bundan tashqari, shamol turbinalarini loyihalash, ishlab chiqarish, o‘rnatish va texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi Shanghai Elekric Wind Power Group kompaniyasi rahbari Ma Jenshan bilan ham muloqot o‘tkazildi.
Unda kompaniya vakillari o‘z faoliyati va tajribalaridan kelib chiqib, Farg‘onada shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha taklifini ilgari surdi. Xayrullo Bozorov mazkur yo‘nalishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirib, har bir loyiha aniq reja asosida amalga oshirilishi zarurligiga e’tibor qaratdi.
Muloqotlar yakunida loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha hamkorlik chora-tadbirlari kelishib olindi.
Avvalroq Rossiya 2025-yilning ikkinchi yarmida Buxoro va Navoiyda sanoat parklarini ochishi haqida xabar berilgandi. Mamlakat hududida farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.