Avvalroq 20-avgust kuni prezidentning tadbirkorlar bilan beshinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari loyihalari ro‘yxati tasdiqlandi. Unda qishlaq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham belgilanmoqda.
Xususan, joriy yilning sentabr oyigacha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Bu bo‘yicha hukumat, shuningdek, Qishloq xo‘jaligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklariga vazifalar berilgan.
Loyihada paxta va g‘alla yetishtirishda iste’mol qilinadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50%ini kompensatsiya qilish tartibini bog‘dorchilik va meva-sabzavotchilik tarmoqlari uchun tatbiq etish belgilanadi.
Bunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning mas’uliyatini oshirish maqsadida gektariga mahsulot sotishdan tushum miqdorini belgilash rejalashtirilmoqda.
Hukumatga MIB, Soliq qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari bilan birgalikda korxonalarning debitor qarzdorliklarini kamaytirish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Unda qishloq xo‘jaligi korxonalarining mavjud debitor qarzdorligi hisobidan ularning majburiy undirishga qaratilgan qarzdorligini qoplash amaliyotini yo‘lga qo‘yish taklif qilinmoqda.
Yana bitta hukumat qarori loyihasi fermer xo‘jaliklari va pillachilik tarmog‘i korxonalari o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Bunda, ular o‘rtasidagi shartnomalarni birja axborot platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilanadi.
Shartnomalar bo‘yicha to‘lovlarning kamida 40%i 10 kun ichida fermerlarga bo‘nak sifatida berilishi, yetishtirilgan hosil uchun yakuniy hisob-kitoblar esa sentabr oyigacha amalga oshirilishi nazarda tutiladi.
Avgust oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda jahon bozorida paxta narxining keskin tushishi bugun boshlanmaganini, iqtisodiy kompleks ilmiy tashkilotlar bilan birga bu borada turli xil ssenariylar va yechimlarni tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Tolani qayta ishlash quvvati yetarli bo‘lmagan ayrim “uddaburonlar” davlatning arzon resursi hisobiga paxta “spekulyatsiyasi” bilan shug‘ullanayotgani tanqid qilindi.
Shuningdek, paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 mln so‘mdan subsidiya beriladi. Korxonalar o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi.
Avvalroq Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev to‘qimachilik klasterlarining fermerlar oldida qarzi juda katta ekanligini aytgandi.