Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi 22-avgust kuni issiq suv ta’minoti va isitish xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqladi.

Tariflar poytaxt issiqlik tarmoqlari operatori Veolia Energy Tashkent’dan kelib tushgan taklif asosida oshirilmoqda. Yakuniy narxlar kompaniya bosh direktori Sevara Pardayeva tomonidan 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ko‘rsatilgan raqamlarga deyarli to‘liq mos keladi.

Bazaviy tarif 7% ga oshib, QQSsiz 1 Gkal issiqlik energiyasi uchun 711 641 so‘mni tashkil etadi. Aholi uchun tarif esa 15% ga — 121,6 ming so‘mdan 139 860 so‘mgacha (QQSsiz) oshiriladi.

Yuridik shaxslar uchun narxlar 40% ga oshib, 1 Gkal uchun 342 296 so‘mga yetkaziladi. Budjet tashkilotlari uchun to‘lov 952 797 so‘mni (+18,8%) tashkil etadi, bu Veolia taklif qilgan summadan (954,3 ming so‘m) kam.

Yangi tariflar Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng kuchga kiradi.

Issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oxirgi marta 2024-yil 15-noyabrda oshirilgan. Jismoniy shaxslar uchun narxlar 1 Gkal uchun 121,6 ming so‘mgacha (QQSsiz), yuridik shaxslar uchun — 1 Gkal uchun 244,49 ming so‘mgacha (QQSsiz) ko‘tarildi. Bu o‘tgan yili aprel oyidan keyin narxlarning ikkinchi ko‘tarilishi bo‘ldi.

O‘tgan yilning kuzida Veolia Energy Tashkent isitish tizimi operatori tariflarning oshishini issiqlik ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan energiya resurslarining qimmatlashishi bilan izohlagan edi. Kompaniyada qayd etilishicha, fuqarolar uchun yangi tarif bazaviy narxning 18%ini qoplaydi, qolgan qismi esa davlat tomonidan qoplanadi.

Iyul oyida Issiqlikta’minoti raisi Ilhom To‘rayev Toshkentda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari bir marta oshirilishini ma’lum qilgandi. Bu elektr energiyasi, tabiiy gaz va sovuq suv narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lib, issiqlik xizmatlarining tannarxini oshiradi.

Sevara Pardayeva 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan kengash yig‘ilishida tariflarni oshirish zarurligini 2030-yilgacha issiqlik ta’minoti sohasini subsidiyalashdan voz kechish rejalari bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xizmatlar narxini qoplash uchun tariflarni oshirish kerak, narxlarni hozirgi darajada qoldirish esa kelajakda ularning yanada keskin o‘sishiga olib keladi.

Shuningdek, Veolia Energy Tashkent biznes uchun issiqlik ta’minoti tariflarini bosqichma-bosqich budjet tashkilotlari darajasiga ko‘tarish rejalari haqida ma’lum qildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu o‘zaro subsidiyalashni kamaytirish va narxlarni boshqa toifadagi iste’molchilar bilan tenglashtirish imkonini beradi.

Avvalroq Toshkent viloyatida 10-sentabrdan issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oshishi haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, fuqarolar uchun narxlar joylashuviga qarab 10% ga, korxonalar uchun 95% gacha oshiriladi.