O‘zbekiston va Iordaniya poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning muzokaralarida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Unda siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yana-da rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni va idoralar o‘rtasidagi yaqin aloqalarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyorlik tasdiqlandi.

Kimyo va to‘qimachilik sanoati, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga kelishib olindi.

Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashini ishga tushirib, joriy yil yakunigacha ularning ilk yig‘ilishlarini o‘tkazish taklifi bildirildi.

Madaniy, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni, shu jumladan qo‘shma madaniyat haftaliklari, konsertlar, ekspozitsiya va ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali yana-da faollashtirishga tayyorlik bildirildi. O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida islomshunoslik markazlari va institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar bag‘rikeng va maʼrifatli islom g‘oyalarini birgalikda ilgari surish zarurligi haqida yakdil fikrga keldi. O‘zbekiston prezidenti podshoh Abdulla II tomonidan bundan 10 yil oldin boshlangan “Aqaba jarayoni” tashabbusini yuqori baholab, ushbu muhim tashabbusning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini Samarqandda o‘tkazishni taklif etdi.

Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi va vizasiz rejim joriy qilinishi ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti va Iordaniya podshohi Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildi.

Umuman, tashrif doirasida 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, jumladan:

  • Ekstraditsiya to‘g‘risida bitim;
  • Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim;
  • Qo‘shma komissiya tuzish to‘g‘risida bitim;
  • Viza talablarini bekor qilish to‘g‘risida bitim;
  • Oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
  • Tovarlar va transport vositalari harakati to‘g‘risidagi dastlabki maʼlumotlarni onlayn almashish to‘g‘risida bayonnoma;
  • Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • O‘simliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Veterinariya sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida memorandum;
  • din ishlari bo‘yicha anglashuv to‘g‘risida idoralararo memorandumlar;
  • Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi.

Avvalroq O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklashga kelishib olgani haqida xabar berilgandi.