Isteʼmolchiga Onix Premier avtomashinasi yangisiga almashtirib berildi, deb xabar berdi Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati.
Taʼkidlanishicha, qo‘mitaga isteʼmolchi tomonidan Asacar avtosalonidan Onix Premier rusumli avtomobilni 221,64 mln so‘m narxda, 50% boshlang‘ich to‘lov asosida xarid qilganligi bo‘yicha murojaat kelib tushgan.
Isteʼmolchi avtomobilga gaz ballonini o‘rnatish maqsadida servis tekshiruviga olib borganda mashinaning ustki qismida bo‘yalgan joylar aniqlangan va fuqaro holat yuzasidan avtosalon rahbariyatiga murojaat qilgan.
Biroq, avtosalon tomonidan isteʼmolchiga avtomobilni yangisiga almashtirib berish rad etilgan. Shu sababli, isteʼmolchi qo‘mitadan avtomobil bilan bog‘liq 10,5 mln so‘mni qaytarib olishda yordam so‘ragan. Qo‘mita holatga aniqlik kiritish uchun UzAuto Motors bilan hamkorlikda murojaatni o‘rganib chiqdi.
Natijada isteʼmolchiga Toshkentdeu (Asacar Autosentr diler) korxonasi tomonidan yangi avtomobil yetkazib berilgan.
Shuningdek, avtomobil bilan bog‘liq 10,5 mln so‘m xarajatlar to‘liq qoplab berilgan.
Avvalroq bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan yana ikki bloger javobgarlikka tortilgani haqida xabar berilgandi. Ular sahifalariga Melbet tovar belgisidan foydalanib qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari mavjud videolar joylashtirgan.