Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida qurilishi rejalashtirilgan Sea Breeze Uzbekistan kurort loyihasi haqida o‘z fikrini bildirdi. Bu haqda u 22-avgust kuni ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

Sea Breeze Uzbekistan loyihasi uni qanchalik tashvishga solayotgani haqidagi savolga javob berar ekan, hokim dastlab o‘zi ham bu xavotirlarga qo‘shilganini tan oldi. Biroq suvni qayta ishlash va qayta foydalanish bo‘yicha kafolatlar olinganidan so‘ng, shuningdek, ifloslangan chiqindilarni Chorvoqqa tashlash taqiqlangach, hokimning loyiha yuzasidan tashvishi biroz kamaygan.

Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati rahbari sifatida sayyohlar oqimini ko‘paytirish va turizmdan tushadigan daromadni oshirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun toza suv, toza havo va asl holicha saqlangan tabiat kerak.

Bundan tashqari, hokim Sea Breeze Uzbekistan loyihasi muhokamasi ijobiy rol o‘ynaganini ta’kidladi. Bu mutaxassislarni uyg‘otdi va ularning o‘z kasbi oldidagi mas’uliyatini kuchaytirdi, deb hisoblaydi u.

“Jarayon hali yakuniga yetgani yo‘q. Loyihachilar, dizaynerlar, ekologlar, me’morlar va eng muhimi, bugungi O‘zbekistonning toza havosiga befarq bo‘lmagan insonlarning sa’y-harakatlari tufayli loyiha muvaffaqiyatli amalga oshiriladi. Fikrimcha, bu hamma yoqtiradigan go‘zal loyiha bo‘ladi”, — deya fikr bildirdi Mirzayev (“Gazeta"dan keltirilgan iqtibos).

Toshkent viloyati hokimi Sea Breeze Uzbekistan loyihasini shaxsan nazorat qilishga va’da berdi. “Bu mening to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyatim,” — deya qo‘shimcha qildi u.

chorvoq, sea breeze uzbekistan, toshkent viloyati, zoyir mirzayev

Foto:Yevgeniy Sorochin / Spot

2024-yilda Bo‘stonliq tumaniga 12 mln sayyoh tashrif buyurdi — bu viloyat imkoniyatlaridan 4 baravar ko‘p. Toshkent viloyati hokimligi Chorvoq sohilida 2035-yilgacha qurib bitkazilishi rejalashtirilgan Sea Breeze dam olish maskanida sig‘im muammosiga yechim ko‘rmoqda.

$5 mlrdlik mavsumiy majmua yiliga 5 mlngacha xorijiy sayyohni qabul qila oladi. Rasmiylar 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish va sayyohlik eksportini $500 mlnga yetkazishni va’da qilmoqda.

Hokimlik mahalliy aholiga yetkazilgan zararni belgilangan tartibda qoplab berishni va’da qilgan. Yer ajratish, olish, rasmiylashtirish bo‘yicha barcha jarayonlar ochiq-oshkora monitoring asosida amalga oshiriladi.

Sea Breeze Uzbekistan

2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.

Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Emin Agalarov markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.

Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi. Aprel oyida Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim etdi. Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.

Emin Agalarov bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘lishi va bosqichma-bosqich bunyod etilishini ma’lum qildi. “Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz”, — dedi u.

Joriy yilning iyun oyida IV Toshkent Xalqaro investitsiya forumi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Agalarov Development kompaniyasi o‘rtasida qiymati $5 mlrdlik kelishuv imzoladi.

Undan keyin Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qurilishi bilan bog‘liq ekologik xatarlarga izoh berib, Chorvoqning hozirgi holati saqlanib qolinishini qayd etgandi. “Ekologiya bizning ustuvor vazifamizdir. Hamma joyda tozalash inshootlari bo‘lishi, suvga ortiqcha hech narsa tashlanmasligi kerak. O‘zbekiston aholisi va sayyohlar foydalana oladigan turistik hudud yaratamiz”, — degandi u.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Emin Agalarov prezidentga Chorvoq suv omboridagi Sea Breeze Uzbekistan kurort zonasi master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etdi.

Avvalroq Toshkentdan Chorvoqqa yangi avtomobil yo‘li qurilishi haqida xabar berilgandi. Transport vazirining aytishicha, loyiha hozirgi mavjud yo‘lga teginmagan holda amalga oshiriladi.