1-sentabrdan boshlab Moskva va Moskva viloyatiga O‘zbekiston va yana 8 ta davlatdan kelgan mehnat migrantlari Amin mobil ilovasini o‘rnatishi kerak bo‘ladi. Bu haqda Rossiya poytaxtidagi ko‘p funksiyali migratsiya markazi saytida xabar berildi.
Ilova Rossiyadagi xorijliklar uchun “qo‘shimcha hisobga olish mexanizmlari"ni joriy etish, jumladan, ularning geolokatsiyasini kuzatish bo‘yicha huquqiy eksperiment doirasida ishga tushirilgan. Rossiya Davlat Dumasi may oyida pilot loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgandi.
Saytda qayd etilishicha, Amin xorijiy fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazishni osonlashtiradi. Migrantlar ilova orqali ichki ishlar organlarini yashash joyi va uning o‘zgarishi haqida masofadan turib xabardor qilishlari mumkin bo‘ladi.
Ilovani smartfonga o‘rnatish mustaqil ravishda amalga oshiriladi va uni RuStore'dan yuklab olish mumkin. Biroq, xizmatda avtorizatsiya qilish uchun migratsiya markazida rasmiylashtirilishi mumkin bo‘lgan amaldagi chet el fuqarosi kartasi talab qilinadi.
Ilova o‘rnatilgandan so‘ng, u foydalanuvchining geolokatsiyasi haqidagi ma’lumotlarni Rossiya Ichki ishlar vazirligiga yuboradi. Agar ma’lumotlar bir necha kun ichida kelib tushmasa, migrant manzilni tasdiqlash yoki uning o‘zgarishi haqida xabar berish zarurligi to‘g‘risida xabarnoma oladi.
Monitoring shartlarining buzilishi migrantni nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritish uchun asos bo‘lishi mumkin. U joriy yilning fevral oyida ishga tushirilgan va Rossiya Federatsiyasidan chiqib ketish yoki qonuniylashtirishdan oldingi harakatlar uchun bir qator cheklovlarni nazarda tutadi.
Agar migrant boshqa hududda ro‘yxatdan o‘tsa yoki Rossiyadan chiqib ketsa, u Moskvadagi ro‘yxatdan chiqariladi. Xorijiy talabalar va ishdan tashqari maqsadlarda kelgan boshqa chet el fuqarolari Amina ilovasini o‘rnatishlari shart emas.
Ilova yaratuvchilari kelajakda migrantlar uchun yana bir qator funksiyalarni qo‘shishga va’da berishmoqda. Masalan, ilova orqali patent uchun to‘lovni amalga oshirish yoki migratsiya markaziga tashrif buyurish uchun oldindan yozilish mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Spot Rossiyada umumiy ovqatlanish va qurilishda xorijliklarni yollashni cheklash rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.