Qurilish obyektlarida QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Unga ko‘ra, QR-kodli pasport qurilish obyekti hududiy inspeksiyalarda ro‘yxatdan o‘tgan kunda buyurtmachi tomonidan obyektning kirish qismiga yoki barcha uchun ko‘rinadigan joyda majburiy tartibda o‘rnatiladi.
QR-kodli pasport qurilish obyekti hududiy inspeksiyalarda ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab, obyekt foydalanishga topshirilgunga qadar amalda bo‘lishi shart.
Hujjat namlik va tashqi ta’sirlarga chidamli materialdan tayyorlangan bo‘lishi, umumiy o‘lchamlari 2400×1200 millimetrni tashkil etishi hamda yer sathidan kamida 1 metr balandlikda o‘rnatilishi kerak.
Qurilish obyekti hududiy inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilgach, “Shaffof qurilish” axborot tizimida obyektga oid dastlabki ma’lumotlar joylashtirilgan sahifa uchun QR-kod avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Shavkat Mirziyoyev 2024-yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qurilayotgan obyektlar uchun QR-kodli pasportlar joriy etilishini ma’lum qilgan edi. Unda obyektning turi, pudratchi, foydalanishga topshirish muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak, pasporti bo‘lmagan qurilishlar esa noqonuniy hisoblanadi.
Joriy yilning aprel oyida prezident 1-sentabrdan qurilish pasportlari majburiy bo‘lishi to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. QR-kod bo‘yicha quruvchi, ishlarni yakunlash muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek obyekt bo‘yicha ekspert xulosalari mavjud bo‘lishi kerak.
Avgust oyi boshida Qurilish vazirligi QR-kodli pasportni o‘rnatish tartibini belgilovchi nizom loyihasini muhokamaga qo‘ydi. QR-kodli pasport binoning kirish qismiga yoki barcha uchun ko‘rinadigan joyga davlat tilida o‘rnatilishi kerak. U obyekt foydalanishga topshirilgungacha amalda bo‘lishi shart:
Avvalroq Spot Toshkent hokimligi to‘xtatilgan qurilish obyektlarini tekshirish uchun sayt ishga tushirgani haqida yozgandi.