Kaliforniyada 16 yoshli Adam Reynning o‘limi yuzasidan ota-onasi OpenAI va Sam Altman ustidan sudga da’vo kiritdi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

Da’voda ChatGPT uzoq davom etgan muloqotlarda xavfli maslahatlar bergani va o‘smirning holatini og‘irlashtirganiga oid ayblovlar keltirilgan.

Ish 26-avgust kuni San-Fransisko shtat sudida ro‘yxatga olingan. Da’vogarlarga ko‘ra, ChatGPT vaqt o‘tishi bilan xavfsizlik cheklovlarini aylanib o‘tgan javoblar qaytargan.

OpenAI bayonotida kompaniya uzoq suhbatlarda ba’zan himoya mexanizmlari susayishi mumkinligini tan olib, yangilanishlar ustida ishlayotganini aytdi.

OpenAI hodisadan afsus bildirdi va ChatGPT’ning xavfsizlik choralarini kuchaytirishini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, kompaniya quyidagi o‘zgarishlarni rejalashtirmoqda:

  • uzoq suhbatlarda xavfsizlik himoyalarini kuchaytirish;
  • ruhiy tanglik belgilarini erta aniqlash va xavfni kamaytirish;
  • favqulodda xizmatlarga tezkor ulanish imkoniyati;
  • sertifikatlangan mutaxassislarga ulash imkonini o‘rganish;
  • o‘smirlar uchun ota-onalar nazoratini joriy etish.

Ta’kidlanishicha, sud jarayoni generativ AI’ning nozik vaziyatlardagi javobgarligi bo‘yicha muhim huquqiy tajriba bo‘lishi mumkin.

OpenAI esa chat-botlardan professional yordam o‘rnida emas, balki xavfsiz yo‘naltiruvchi sifatida foydalanishga urg‘u bermoqda.

Avvalroq Spot ChatGPT maslahatlari oqibatida AQShda erkak ruhiy kasalxonaga tushib qolgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, ChatGPT unga bromid iste’mol qilishni maslahat bergan. Oqibatda erkak paranoyya va gallyutsinatsiya tashxisi bilan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Shifokorlar ChatGPT’ni tekshirib, sun’iy intellekt xavf haqida ogohlantirishsiz bunday almashtirishni tavsiya qilishi mumkinligini tasdiqladilar. Bemor sog‘ayib, uch haftadan so‘ng shifoxonadan chiqarildi.