Apple keyingi yirik tadbirning sanasini rasman e’lon qildi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Tim Kuk X’da e’lon qildi
Taqdimot Apple Park bosh qarorgohidagi Stiv Jobs teatrida 9-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da bo‘lib o‘tadi.
https://twitter.com/tim_cook/status/1960374776372887890
Bu yil tadbir “Awe dropping” (“hayratlanarli”, “hayratga soluvchi”) shiori ostida o‘tkazilmoqda. Taklifnomada Apple logotipi infraqizil ko‘rinishda tasvirlangan.
An’anaga ko‘ra, har yili kuz boshida o‘tkaziladigan tadbir odatda kompaniyaning asosiy mahsulotlari, jumladan, yangi iPhone’larni e’lon qilishga bag‘ishlanadi.
Asosiy e’tibor iPhone 17 seriyasiga qaratiladi, shuningdek, yangi Apple Watch Series 11 va Ultra 3 ham taqdim etilishi kutilmoqda.Bundan tashqari, Apple kompaniyasi yangi AirPods Pro 3 quloqchinlarini ham namoyish etishi ehtimoli bor.
2024-yil dekabrida iPhone 17 Google Pixel smartfoni kabi gorizontal kamera blokiga ega bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Joriy yil iyulida iPhone 17 Pro va iPhone 17 Pro Max titan bo‘lmasligi ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Apple premium materialdan voz kechib, arzonroq — alyuminiy yoki zanglamaydigan po‘latdan foydalanadi.
Mish-mishlarni obro‘li insayderlar, jumladan, Min-Chi Kuo va GF Securities kompaniyasi tahlilchisi Jeff Pu ham tasdiqladi.
Apple iPhone 15 Pro modelidan boshlab titan qotishmasidan foydalanmoqda. Bu material mustahkamroq, biroq alyuminiyga nisbatan biroz og‘irroq va qimmatroq hisoblanadi.
Mutaxassislarning taxminiga ko‘ra, keyingi iPhone 17 Pro va 17 Pro Max modellari yana alyuminiy yoki po‘latdan tayyorlanishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, iPhone 17 Air, ya’ni iPhone 17 ning yupqa varianti, titandan tayyorlanadi. 17-seriyaning faqat shu modeli bunday korpusga ega bo‘ladi. Oddiy iPhone 17 esa avvalgidek alyuminiydan ishlab chiqariladi.