Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkentda ushbu muzey qurilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda davlat rahbariga loyiha va inshoot xususiyatlari, qurilish bosqichlari haqida axborot berildi.

Muzey Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Yaponiyaning Tadao Ando Architect & Associates arxitektura byurosi hamda Germaniyaning Atelier Brückner kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Uning tashqi qiyofasi aylana, to‘rt burchak va uch burchak shaklida bo‘lib, Sharq va G‘arb madaniyatini o‘zida uyg‘unlashtiradi.

Majmua 3 qavatli muzey, 2 qavatli yerto‘la hamda yordamchi binolardan iborat bo‘ladi. U Xitoyning CSCEC International Construction kompaniyasi tomonidan quriladi.

“O‘zbekiston Milliy muzeyi uch ming yillik boy tariximizni odamlarga, dunyo hamjamiyatiga va kelajak avlodga yetkazadigan ilm-maʼrifat va madaniyat maskani bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hozirda Toshkentdagi 30 ta muzeyda 1 mlndan ortiq eksponat bor. Ularning 100 mingi Davlat sanʼat muzeyida bo‘lib, shundan bor-yo‘g‘i 2 400 tasi namoyishga qo‘yilgan. Ko‘rgazma zallari yetarli bo‘lmagani sababli 97 mingdan ziyodi omborda saqlanmoqda.

O‘zbekiston Milliy muzeyining umumiy maydoni 40 ming kv.metr bo‘ladi. Ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va eksponatlarni saqlash xonalarida eng zamonaviy qulayliklar tashkil etiladi. Bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin eksponatni namoyish qilish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, 4 ming kvadrat metr maydonda konferensiya zallari, auditoriya va restoranlar, bolalar maydonchalari joylashadi.

Kelajakda ushbu muzey dunyoga mashhur Luvr, Metropolitan va Britaniya muzeylari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatib, noyob eksponatlar olib kelinadi va ko‘rgazmalar tashkil qilinadi.

“Ishonchim komil, yangi barpo etiladigan majmua mamlakatimizning jahon tarixi va taraqqiyotida tutgan o‘rnini yana-da yorqinroq ko‘rsatadi. Bir yil emas, o‘n yil emas, ko‘p yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida. Shundan so‘ng davlat rahbari majmua poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishni boshlab berdi.

Avvalroq Yangi Toshkentda 13 ta tijoriy lot bo‘yicha investorlar bilan $554 mlnlik kelishuvlar imzolangani haqida xabar berilgandi.