28-avgust holatiga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda 7 mlrd kVt/soat “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ko‘rsatkich oxirgi 26 kun ichida 1 mlrd kVt/soatga oshgan — 2-avgust kuni quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 6 mlrd kVt/soatni tashkil etgandi. Ulardan kuniga o‘rtacha 29,1 mln kVt/soat elektr olingan.

Elektr energiyasining 4,36 mlrd kVt/soati 12 ta quyosh fotoelektr stansiyasi, qolgan 2,64 mlrd kVt/soati esa 4 ta shamol elektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Ularning umumiy quvvati 4,58 GVtni tashkil etadi.

Buning natijasida 2,1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi. Shuningdek, atmosferaga 2,9 mln tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.

Shuningdek, yil boshidan 28-avgust soat 16:00 ga qadar O‘zbekistondagi barcha gidroelektr stansiyalari va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 11,9 mlrd kVt/soat elektr ishlab chiqarildi. Bu joriy yildagi jami generatsiyaning 21,5% ini tashkil qiladi.

Natijada 3,6 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaldi va atmosferaga 5 mln tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.

Mazkur hajmdagi elektr energiyasi 7,4 mln xonadonning 8 oylik yoki 4,9 mln xonadonning bir yillik meʼyoriy bazasini tashkil qiladi.

Joriy yilning 6-iyul holatiga ko‘ra, quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 5 mlrd kVt/soatga yetgandi.

Avvalroq yarim yilda aholidan 63,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasi sotib olingani haqida xabar berilgandi. Subsidiyaning eng katta qismi Xorazm viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda — 19,1 mlrd so‘m.