Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonning uchta hududida quruqlik portlarini qurishi mumkin. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev va ushbu mamlakatning Mutiara Perlis Sdn Bhd kompaniyasi direktorlar kengashi ijrochi raisi Shabaruddin Ibraxim o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda O‘zbekistonni Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasi bilan bog‘laydigan transport yo‘laklarini takomillashtirish va yangi transport yo‘nalishlarini ochish istiqbollari muhokama qilindi.
Jumladan, O‘zbekistonni Xitoy bilan bog‘laydigan Qashqar-Torug‘art-Makmal-Jalolobod-Andijon yo‘nalishida yangi temir yo‘li qurilishi va Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘laydigan Transafg‘on xalqaro temir yo‘li loyihasining mintaqa tashqi savdo aylanmasiga ijobiy taʼsiri yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar Andijon viloyatining Qirg‘iziston bilan chegara yaqinida, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida hamda Buxoro viloyatining Olot tumanida quruqlik portlarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, bu loyihani amalga oshirishda kompaniya tajribasi hamda O‘zbekistonning Sharq va G‘arb, Shimol va Janub mintaqalari o‘rtasidagi tranzit salohiyati inobatga olinadi.
Shabaruddin Ibraxim Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining ahamiyatidan kelib chiqib, yaqin kelajakda Andijonda quruqlik portini qurish taklifiga jiddiy qiziqish bildirdi. Tadbirkor mazkur loyiha taklifini o‘zbek tomoni bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini maʼlum qildi.
2024-yilning oktabrida Janubiy Koreya Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida quruqlik portini tashkil etishda O‘zbekistonga yordam berishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, xorijiy og‘ir yuk avtomobillarining O‘zbekistonda yurishi uchun to‘lovlar pasaytirilgani haqida yozgandi.
Mutiara Perlis Sdn Bhd 2018-yili Perlis shtatida infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan kompaniya sifatida DXSH asosida tashkil etilgan. Hozirda kompaniya Malayziyada Perlis quruqlik porti, Perlis dengiz yo‘li va Perlis energetika markazi kabi yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.
