Rossiya avtomobil benzini eksportiga yangi vaqtinchalik taqiq joriy etdi. Bu haqda Rossiya hukumatining Telegram-kanalida xabar berildi.

Qayd etilishicha, yangi cheklovlar yana ikki oy — 1-sentabrdan 31-oktabrgacha davom etadi.

Sentabr oyida taqiq barcha eksportchilarga — ham neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga, ham ishlab chiqaruvchilar bo‘lmaganlarga — tatbiq etiladi.

1-oktabrdan esa cheklovlar faqat benzin ishlab chiqarmaydiganlarga amal qiladi, ishlab chiqaruvchilar uchun bekor qilinadi.

Rossiya hukumati bu qaror ichki yoqilg‘i bozorida barqarorlikni saqlashga qaratilganini ta’kidladi.

Shuningdek, iyul oxirida Rossiya hukumati benzin eksportiga yoz oxirigacha to‘liq taqiq joriy qilgan edi. U paytda cheklovlar neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga ham tatbiq etilgan bo‘lib, 31-avgustda tugadi.

Energetika vazirligi Spot’ga Rossiya hukumati tomonidan benzin eksportiga qo‘yilgan taqiq O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir ko‘rsatmasligini aytgandi. Vazirlik ta’kidlashicha, ushbu cheklovlar hukumatlararo kelishuvlar doirasida amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Biroq, iqtisodchi Otabek Bakirov POLITIK Central Asia nashriga bergan izohida joriy etilgan cheklovlar O‘zbekiston yoqilg‘i bozorida narxlarning oshishiga olib kelishini ta’kidladi. Uning fikricha, hukumatlararo kelishuvga kiritilmagan mayda importchilar bozordan chiqib ketadi. O‘z navbatida, ro‘yxatdagi monopolistlar va o‘z infratuzilmasi orqali importni bevosita yoki bilvosita nazorat qiluvchi mahalliy benzin ishlab chiqaruvchilar narxlarni oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘zbekistonning dastlabki yetti oyda neft va neft mahsulotlari importi 10,5% ga kamayib, $1,15 mlrdni tashkil etdi. Benzin importi esa 3,9% ga qisqarib, 913,5 mlnga yetdi. Har yili mamlakatga qariyb 2 mln tonna neft olib kiriladi.

Rossiyadan benzin eksportiga taqiq

Benzin eksportiga qo‘yilgan dastlabki taqiq 2024-yilning mart oyidan avgust oyigacha amal qilgan bo‘lib, keyinchalik may oyida vaqtincha bekor qilingan edi. Shu bilan birga, xalqaro shartnomalar doirasida YOII davlatlari, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga yetkazib berish davom etavergan.

Embargo 20-may kuni iyun oyi oxirigacha to‘xtatildi, keyin pauza yana bir oyga uzaytirildi. Keyinroq Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak 1-avgustdan benzin eksportiga taqiq qayta tiklangani, keyinchalik bu muddat oktyabr oxirigacha uzaytirilganini ma’lum qildi. Keyin taqiq muddati bahorgacha uzaytirildi.

Fevral oyi oxirida Rossiya hukumati benzin ishlab chiqarmaydigan kompaniyalar uchun benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni 1-martdan 31-avgustgacha yana uzaytirdi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda AI-80 benzinining narxi 11%dan ko‘proqqa oshib, 9100 so‘mga yetgani haqida yozgandi.

Narxlarning oshishi Rossiyaning benzin eksportini taqiqlashi va O‘zbekneftgazning AI-80 ishlab chiqarishni to‘xtatish rejalari fonida sodir bo‘lmoqda.