2-sentabrdan boshlab avtomobillarni Piskent sinov majmuasida sinovlardan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi. Bu haqda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Agentlikning qayd etishicha, avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish bojxona hududidadan UzTest avtopoligoniga ko‘chirilishi mamlakatga texnik reglamentga muvofiq transport turi ma’qullanmagan yengil avtomobillarning import qilingani uchun sinovlarni birma-bir o‘tkazishga sabab bo‘lgan.
O‘zbekistonda 2024-yilgacha faqat 3 ta dilerlik markazlari faoliyat yuritgan bo‘lsa, ular atigi 15 ta model uchun turini ma’qullash hujjatini olgan. Hozirga kelib, 21 ta xorijiy kompaniyalarning rasmiy dilerlari o‘z faoliyatini boshladi va 100 dan ortiq avtomobil rusumlariga turini ma’qullash hujjatlari rasmiylashtirildi.
“Natijada, iste’molchilarga sifati va xavfsizligi ta’minlangan, hamda kafolatlangan avtotransport vositalarini yetkazib berish tizimi takomillashtirildi. Iste’molchilarga rasmiy dilerlardan turli rusumdagi avtotransport vositalarini xarid qilish imkoniyati yaratildi”, deyiladi xabarda.
Rasmiy dilerlar va servis markazlari soni keskin oshganligi hamda iste’molchilarning ular bilan ishlash amaliyoti joriy etilganidan kelib chiqib, joriy yil 2-sentabrdan avtomobillarni Piskent avtopoligonida sinovdan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi.
Mamlakatga import qilinayotgan avtomobillarning sifati va xavfsizligini ta’minlash doimiy nazorat qilinib, amaldagi talablarga ko‘ra nomuvofiqliklar aniqlanganda, iste’molchilardan e’tirozlar kelib tushganda ushbu avtomobillarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.
O‘zstandart fuqarolarga avtomobil xaridini rasmiy dilerlar orqali amalga oshirishni tavsiya qilmoqda.
Avtomobillarni texnik sinovdan o‘tkazish
2024-yilning 1-noyabridan O‘zbekistonda import qilinadigan avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi o‘zgardi. Ular bojxona hududida emas, balki Pskentdagi “UzTest” avtopoligonida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Yangilik sezilarli navbatlarning shakllanishiga olib keldi — haydovchilar kutish bir necha kun davom etishi mumkinligini bildirishdi. “UzTest” navbatlarni “mavsumiylik va import hajmining oshishi” bilan izohladi.
Shu bilan birga, muvofiqlik sertifikatining o‘rtacha narxi 2,6 mln so‘mdan 9,1 mln so‘mgacha oshib ketdi. Nazorati markazi ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun narxni 5,6 mln so‘mgacha, elektromobillar uchun esa 4,48 mln so‘mgacha pasaytirdi.
Undan keyin, 18-noyabrdan Yagona portal orqali elektron navbat olish imkoni yaratildi. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin hamda buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi. Xizmatga havola bu yerda.
Buning uchun birinchi navbatda Bojxona qo‘mitasining “Yagona darcha” axborot tizimi (singlewindow.uz) orqali sertifikatlashtirish organiga elektron ariza yuborish kerak.
2025-yilning yanvar oyida UzTest avtopoligonga elektron navbat olish tizimi ishlamay qolgani haqidagi xabarlarni rad etgandi. Onlayn tizimda bitta JShShIRga faqat bitta navbat olish mumkin. Undan foydalangandan keyin qayta navbat olish mumkin bo‘ladi.
Avvalroq O‘zbekistonda foydalanilgan avtomobillarni minilgan avtomashinaga almashtirish imkonini beruvchi Trade-up dasturi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.