Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda China Gold, China Coal Resources, China Datang Corporation, Tianjin Rail Transit Group, Poly Changda, Tianjin Urban Construction, Jinchuan Group, China Synfuels, Jinchuan, ST Wonderful, Mizuda, World Agriculture, Dongzhu Ecology va boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Davlat rahbari Xitoy biznesining O‘zbekistonga qiziqishi har doimgidek yuqori ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘tgan yilning o‘zida investitsiyalar hajmi $10 mlrddan oshdi.
Uchrashuvda energetika, geologiya, qishloq va suv xo‘jaligi, kimyo, zargarlik sanoati, jamoat transportini modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish va turizm sohalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, China National Building Materials (CNBM) kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjou Yuysyanni qabul qildi.
Uchrashuvda kompaniya tomonidan nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, shamol va quyosh elektr stansiyalari, energiyani saqlash tizimlarini qurish, muqobil energetika obyektlari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Xitoy kompaniyasining yurtimiz sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha dasturda ishtirok etishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston prezidenti China National Petroleum Corporation (CNPC) kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Day Xoulyanni qabul qildi.
Xitoy kompaniyasi bilan investitsiyaviy hamkorlik portfelini kengaytirish va yerosti tabiiy gaz saqlash inshootlarini qurish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, zamonaviy metrologik standartlar hamda innovatsion yechimlarni joriy qilish loyihalarini ilgari surish rejalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston yetakchisi China National Nuclear Corporation (CNNC) raisi Shen Yanfen bilan ham uchrashdi. Xitoy kompaniyasining zamonaviy texnologiyalar transferi va uran konlarini o‘zlashtirishdagi ishtiroki, istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, tinch atom sohasida kooperatsiyani kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Yana bir uchrashuv esa Henan Investment Group kompaniyasi bosh direktori Chju Xunbin bilan bo‘ldi.
Unda O‘zbekistonda ko‘mir konlarini o‘zlashtirishda ilg‘or texnologik yechimlarni joriy qilish, zamonaviy elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlarini loyihalashtirish va qurish, biomahsulotlar ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlab, toza energiya ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarining amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev SHHT doirasida Energetika konsorsiumi va sayyohlik yo‘lagini ishga tushirishni taklif qildi. Prezident raqamli platformalar va yashil yo‘laklar yaratishni nazarda tutuvchi konsepsiyani ishlab chiqish, Venchur kompaniyalari va jamg‘armalari tarmog‘ini joriy etish taklifini ilgari surdi.
Pekinda 2-sentabr kuni prezident va Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokidagi muzokaralar yakunida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekiston-2030 strategiyasi va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi o‘zaro bog‘lash bo‘yicha hamkorlik dasturi qabul qilindi.