Janubiy Koreyaning Mom’s Touch tez ovqatlanish restoranlari tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda The Korea Times nashri xabar bermoqda.

Tarmoq rahbari Kim Dong-Chjon o‘tgan hafta One Food kompaniyasi rahbari Zafar Xo‘jayev bilan shartnoma tuzgan edi. Hujjat O‘zbekiston tomoniga master-franshiza — brenddan foydalanish huquqini boshqa kompaniyalarga o‘tkazish imkoniyatini beradi.

One Food yil oxirigacha Toshkentda birinchi Mom’s Touch restoranini ochadi. Mamlakat bo‘ylab jami 60 tagacha — hozirda faoliyat yuritayotgan KFC restoranlaridan ikki baravar ko‘p nuqta tashkil etish rejalashtirilgan.

Mom’s Touch kompaniyasi shartnomani Markaziy Osiyo bozorlariga tarqalishning boshlanishi deb atadi. Tarmoq keyinchalik Qozog‘iston va Qirg‘izistonda, shuningdek, Rossiya va Yaqin Sharq mamlakatlarida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Zafar Xo‘jayev O‘zbekistonda tovuq go‘shtidan tayyorlangan taomlarga iste’molchilar orasida yetarli talab bo‘lmasligi mumkinligini ta’kidladi. Tadbirkor qo‘shimcha qilishicha, One Food kompaniyasi Koreya umumiy ovqatlanish brendlarini tahlil qilgach, Mom’s Touch’ni eng raqobatbardosh deb topgan.

Mom’s Touch hozirda 1460 ta restoranga ega bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha Janubiy Koreyaning tez ovqatlanish tarmoqlari orasida birinchi o‘rinni egallaydi. Shuningdek, kompaniya Yaponiya, Mo‘g‘uliston, Laos va Tailandda ham o‘z faoliyatini yuritmoqda.

Bungacha, mart oyida Qozog‘istonning Verny Capital kompaniyalar guruhi 2012-yildan beri tadbirkor Anuar Utemuratov bilan birgalikda egalik qilgan Burger King Kazakhstan eksklyuziv franshizasini sotgan edi. Xaridor International Beverages Tashkent ichimliklar ishlab chiqaruvchisining minoritar hammuassisi bo‘lgan O‘zbekistonning Holten Group kompaniyasi bo‘ldi.

IBT asoschisi Shuhrat Ergashev aprel oyida prezident bilan uchrashuvda uning kompaniyasi Burger King bilan O‘zbekiston bozori uchun litsenziya olishga kelishib olganini va 2−3 oy ichida birinchi restoranlarni ochishni rejalashtirayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro tarmoqlar ham unga Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun litsenziya taklif qilgan.


Avvalroq Spot Bellissimo Pizza Qozog‘iston bozoriga chiqayotgani haqida yozgandi. Birinchi bosqichda Ostonada uchta restoran faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.