Joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, yarim yilda O‘zbekistonning davlat qarzi $43,37 mlrdga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi saytidagi ma’lumotlarda keltirilgan.
Ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,16 barobar — $6,13 mlrdga o‘sdi, yil boshi bilan taqqoslaganda esa $3,16 mlrdni (+7,86%) tashkil etdi. Davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga (YIM) nisbati 35% dan 34,2% ga kamaydi.
Davlat qarzining asosiy qismi tashqi qarzga to‘g‘ri keladi — 84%. Yanvar-iyun oylarida uning hajmi $2,68 mlrdga (+7,97%) oshib, $36,41 mlrdni tashkil etdi. Ichki qarz esa $473 mln o‘sish bilan $6,96 mlrd (+7,29%) bo‘lgan. Yil davomida tashqi qarz $5,5 mlrdga (+17,85%), ichki qarz esa $632 mlnga (+9,9%) oshdi.
Yarim yilda tashqi qarzning asosiy qismi — 47%i ($16,96 mlrd) budjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Yoqilg‘i-energetika sohasiga $5,89 mlrd (16%), qishloq va suv xo‘jaligi — $3,13 mlrd (9%), uy-joy kommunal xo‘jaligi — $3 mlrd (8%) hamda transport va transport infratuzilmasi $2,91 mlrd (9%) ajratilgan.
Kreditorlar qatorida tashqi qarz tarkibida xalqaro moliya institutlari yetakchilik qilmoqda — $19,44 mlrd yoki jamiga nisbatan 53%:
- Jahon banki — $7,84 mlrd (tashqi qarzning 22%i);
- Osiyo taraqqiyot banki — $7,46 mlrd (20%);
- Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — $1,69 mlrd (5%);
- Islom taraqqiyot banki — $935 mln (3%);
- Xalqaro valyuta jamg‘armasi — $642 mln (2%);
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — $401 mln (1%).
Xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari suveren majburiyatlarning 31%ini — $11,19 mlrdni tashkil etadi:
- Xitoy (Xitoy taraqqiyot banki, Eksimbank va boshqalar) — $3,86 mlrd (11%);
- Yaponiya (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqalar) — $3,18 mlrd (9%);
- Fransiya (Fransiya taraqqiyot agentligi va b.) — $1,16 mlrd (3%);
- Janubiy Koreya (Eksimbank, Koreya iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi va b.) — $750 mln (2%);
- Germaniya (Germaniya davlat banki) — $481 mln (1%).
- Saudiya Arabistoni (Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi) — $136 mln.
Shuningdek, tashqi qarzning 16%i investorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Olti oyda xalqaro obligatsiyalar hajmi $1,65 mlrdga oshib, $5,78 mlrdni tashkil etdi.
Joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston $1,5 mlrdlik suveren obligatsiyalarni joylashtirdi. Dollardagi obligatsiyalar 7 yil, yevro va so‘mdagi qog‘ozlar esa mos ravishda 4 va 3 yil davomida muomalada bo‘ladi. Mablag‘lar budjet taqchilligini moliyalashtirishga, ipoteka dasturi uchun banklarga, shuningdek, infratuzilma va “yashil” loyihalarga yo‘naltiriladi.
O‘tgan yil yakuni bilan O‘zbekistonning davlat qarzi 2023-yilga nisbatan $5,27 mlrdga o‘sib, $40,19 mlrdni tashkil etdi. O‘sishning asosiy qismi davlat tashqi qarzi hissasiga to‘g‘ri kelib ($33,72 mlrd), o‘tgan yil davomida unga $4 mlrddan ortiq mablag‘ qo‘shilgan.
2025-yilda mamlakat nomidan jalb qilinadigan tashqi qarzning yillik miqdori $5,5 mlrd etib belgilangan. Shundan budjet taqchilligini moliyalashtirishga $3 mlrdi yo‘naltiriladi.
Avvalroq Spot iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonning davlat qarzi oshishi bilan bog‘liq xavotirlarga izoh bergani haqida yozgandi. U iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda infratuzilma hamda ijtimoiy sohadagi loyihalar tashqi qarz hisobiga moliyalashtirilishini qayd etdi.