Toshkentda Apk fayllar orqali fuqarolarning pullarini o‘g‘irlagan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
“Xavfsiz kiber makon” tezkor profilaktik tadbirlar doirasida markaz hamda uning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Uning doirasida bir guruh shaxslar Android qurilmalari uchun yaratilgan Apk kengaytmali viruslarni fuqarolarga yuborib, ularning SMS xabarnomalari, qo‘ng‘iroqlar hamda kontakt maʼlumotlarini o‘zlashtirib kelgani aniqlandi.
Ushbu virusli dasturlar fuqarolarning Telegram guruhlariga ulangan. Ushbu guruhda 11 nafar turli davlat vakillari jamlangan hamda ular fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlarini o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida guruhning 5 nafar aʼzosi qo‘lga olindi.
Bu shaxslarning yashash manzillari hamda telefon qurilmalari ko‘zdan kechirilib, ular 133 kishining jami 3 mlrd so‘mga yaqin pullarini o‘g‘irlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlandi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda gumonlanuvchilar protsessual tartibda qo‘lga olingan.
“Ushbu jinoiy guruhga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha respublika bo‘ylab tezkor-qidiruv tadbirlari davom etmoqda”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Joriy yilning mart oyida Toshkentda soxta Call-markaz jinoiy guruhi ushlangandi. Firibgarlar fuqarolarning bank kartalaridagi pullari va shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan. Xususan, 15 mingdan ortiq aholining shaxsiy ma’lumotlari o‘zlashtirilgan.
Avvalroq poytaxtda olti kishi 180 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptovalyuta aylanmasi uchun qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.