OpenAI sentabr oyida ChatGPT’ga 13 yoshdan oshgan o‘smirlar uchun mo‘ljallangan ota-ona nazorati funksiyalari qo‘shilishini ma’lum qildi.

Bu qaror chat-bot bilan muloqot qilgandan so‘ng o‘zini o‘ldirgan maktab o‘quvchisining ota-onasi tomonidan kiritilgan da’vo bilan bog‘liq hisoblanadi.

Ota-onalar o‘z hisoblariga bolalarining profilini elektron pochta orqali taklif qilib ulash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Yangi boshqaruv panelida ular o‘smirning yoshiga qarab sun’iy intellekt javoblarining uslubini tanlash, suhbatlar tarixini saqlashni boshqarish va “xotira” funksiyasini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Shuningdek, tizim o‘smirda “o‘tkir inqiroz” belgilarini aniqlasa, kattalarni xabardor qiladi. Kelajakda OpenAI favqulodda vaziyatlarda ChatGPT to‘g‘ridan-to‘g‘ri saqlangan kontaktlarga qo‘ng‘iroq qilishi yoki xabar yozishi mumkin bo‘lgan variantni ko‘rib chiqmoqda.

Kompaniya intellektual so‘rovlar yo‘naltiruvchisini joriy etishni rejalashtirmoqda: agar sun’iy intellekt foydalanuvchi kuchli stress holatida ekanligini aniqlasa, so‘rov avtomatik tarzda GPT-5-Thinking‘ning yanada “aqlli” versiyasiga yo‘naltiriladi.

Sinovlar natijalariga ko‘ra, bunday modellar nozik mavzulardagi suhbatlarni yaxshiroq boshqara oladi.

OpenAI yangi funksiyalarni ishlab chiqish uchun psixologlar, pediatrlar va bolalar hamda o‘smirlar xavfsizligi sohasidagi mutaxassislar bilan hamkorlik qilmoqda.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yangilanishlar asta-sekin joriy etiladi va keyingi to‘rt oy ichida xizmatda paydo bo‘ladi.


Avvalroq Spot ChatGPT’dagi barcha suhbatlar tekshirilishi haqida yozgandi.

Ishlab chiquvchilar millionlab foydalanuvchilarning shaxsiy chatlarini tahlil qilishlarini va agar kontent xavfli deb topilsa, ularni politsiyaga yuborishi mumkinligini tan olishdi.