Toshkentdagi “turizm ko‘chalari” uchun alohida avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, tungi avtobus yo‘nalishlari ham brutto-shartnoma asosida yo‘lga qo‘yiladi. “Turizm ko‘chalari"ni bog‘lovchi tungi jamoat transporti yo‘nalishlarida qatnovlarni amalga oshirish uchun yo‘lkira haqi poytaxt avtobuslari yo‘nalishlari bilan bir xil (QR-kod orqali 3000 so‘m, elektron to‘lovlar uchun — 1700 so‘m) etib belgilanadi.
Yo‘nalishlarga qo‘yiladigan avtobuslar konditsionerli, Wi-Fi, videokuzatuv tizimiga ega hamda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun moslashtirilgan holda tashkil etiladi.
Mazkur yo‘nalishlar aholi va turistlar o‘rtasida keng targ‘ib etish belgilandi. Yo‘nalishlar, harakat jadvali, foydalanish shartlari haqidagi ma‘lumotlar doimiy ravishda yoritib boriladi.
2024-yilning noyabr oyida Strategik islohotlar agentligi tungi iqtisodiyot bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasi va O‘zbekistonda rivojlantirish istiqbollarini o‘rganib, jamoat transportini (avtobus, tramvay, metro) 24 soatlik rejimga o‘tkazishni taklif qilgandi.
Joriy yilning avgust oyida Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi tomonidan poytaxtda tungi avtobuslarni yo‘lga qo‘yish taklif etilgani ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, 15 ta yo‘nalish bo‘yicha avtobuslar soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha harakatlanadi.
Undan keyin tungi avtobuslarning birinchi yo‘nalishi yil oxirigacha ishga tushirilishi ma’lum qilindi. U Husayn Boyqaro ko‘chasidan Qo‘yliq bozori tarafga, undan esa Xonobodtepa shoh ko‘chasi orqali harakatlanadi.
Boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Olloyor Norbo‘tayevning qayd etishicha, birinchi bosqichda jami 8 ta yo‘nalishni joriy etish rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, ushbu bosqichda jami 136 km yo‘l qamrab olinadi. Buning uchun esa 19,1 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi.
Ikkinchi bosqichda 7 ta yo‘nalish bo‘yicha harakat yo‘lga qo‘yilib, avtobuslar umumiy 98 km yo‘ldan o‘tadi. 23 ta avtobus jalb etiladigan bu bosqich uchun esa 14,2 mlrd so‘m sarflanishi reja qilingan.
Avvalroq Toshkentda 4 mingdan ortiq yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi. Poytaxt avtobuslarida yo‘l haqqini to‘lamasdan harakatlanayotgan fuqarolarga nisbatan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.