AQSh prezidenti Donald Tramp oilasi yangi WLFI kriptovalyutasi savdosi boshlanganidan keyin o‘z boyligini $5 mlrdga oshirdi. Bu haqda The Wall Street Journal yozmoqda.
WLFI — World Liberty Financial kompaniyasiga tegishli bo‘lib, unda Trampning o‘g‘illari ta’sischi, prezidentning o‘zi esa “faxriy ta’sischi” sifatida qayd etilgan. Oila barcha tokenlarning deyarli to‘rtdan bir qismiga egalik qiladi, biroq ular sotuvga qo‘yilmagan holda qolmoqda.
Savdoning boshlanishi ularning aktivlarining bozor qiymatini aniqlash imkonini berdi va bu qiymat Tramplarning ko‘p yillik ko‘chmas mulk portfeli qiymatidan oshib ketdi.
World Liberty Financial bir yil avval Trampning saylovoldi kampaniyasi davrida tashkil etilgan bo‘lib, u loyihaning “Amerikani yana buyuk qilishga, bu safar kriptovalyuta yordamida” ko‘maklashishini ta’kidlagan edi.
Kompaniyaning o‘sishi Oq uyning kripto bozorini tartibga solishni yengillashtirish va AQSh iqtisodiyotini rag‘batlantirish maqsadida raqamli valyutalarni qo‘llab-quvvatlash siyosati bilan bog‘liq.
Avvalroq Tramp va uning oilasi kriptovalyuta loyihalari orqali o‘z boyligini $620 mlnga oshirgani haqida xabar berilgandi.
Tramp oilasining aktivlari tarkibida tovarlar (krossovkalar, atirlar, smartfonlar) ishlab chiqarishga oid litsenziya bitimlari hamda kriptovalyutalar tobora ko‘proq ulushni egallamoqda. Bular ko‘chmas mulk sohasidagi an’anaviy biznesga qaraganda ko‘proq foyda keltirmoqda.
Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, prezidentning aktivlari ko‘r ishonchli boshqaruvda bo‘lishiga qaramay, u o‘z kompaniyalari va oila a’zolari biznesining muvaffaqiyatlaridan “foyda olishni” davom ettirmoqda.
Mablag‘ning asosiy qismi World Liberty Financial kompaniyasiga tegishli. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur kompaniya turli kriptoaktivlarni $550 mlnga sotgan bo‘lib, shundan $390 mlnini kompaniyaning 40%iga egalik qiluvchi Tramp oilasi qo‘lga kiritgan.
Bundan tashqari, Tramplar oilasiga World Liberty Financial kompaniyasining 22,5 mlrd shaxsiy tokenlari tegishli bo‘lib, ularning qiymati $2 mlrddan oshiq baholanmoqda. Biroq, tokenlarni o‘tkazishdagi cheklovlar sababli, hozircha bu mablag‘lar oilaning sof mol-mulki hisobiga kiritilmayapti.
May oyida The New York Times Trampning kompaniyalari so‘nggi bir oy ichida kamida $2 mlrd ishlab topgani haqida xabar bergandi.
Oq uy manfaatlar to‘qnashuvini rad etib, biznesni Trampning o‘g‘illari boshqarayotganini da’vo qilmoqda. Daromadlar kriptovalyuta va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlardan olinadi.
Trampning 20-yanvardagi lavozimga kirishish marosimi arafasida uning jamoasi OFFICIAL TRUMP (TRUMP) va Official Melania Meme (MELANIA) nomli mem-tokenlarini chiqardi. Bu tokenlar bir kunda eng yirik kapitallashtirish qiymatiga ega kriptovalyutalar ro‘yxatiga kirdi.
NYT xabar berishicha, TRUMP memkoinini Amerika yetakchisining katta o‘g‘li kichik Donald Tramp boshqarmoqda. Yaqinda prezident token xaridorlarining eng yaxshilarini Virjiniyadagi o‘zining golf klubida u bilan kechki ovqatga, shuningdek Oq uy bo‘ylab sayohatga taklif etishga va’da berdi.
G‘oliblar $TRUMP tangalarini sotib olish uchun kamida $174 mlrd sarflashgan (hozirgi paytda ularning narxi taxminan $13ni tashkil etadi).
Bundan tashqari, BAA investitsiya firmasi orqali Tramplar oilasining yangi kriptovalyuta loyihasi World Liberty Financial’ga $2 mlrd mablag‘ kiritdi. Erik Tramp va Donald Tramp-kichik boshchilik qilayotgan kompaniya investitsiyalardan yiliga o‘nlab million dollar foyda olishi nashr tomonidan ta’kidlandi.
Qatar ham mamlakаtda Tramp brendi ostidagi plyaj golfi va villalar qurilishining $5,5 mlrdlik loyihasini moliyalashtirishga hissa qo‘shdi — prezident oilasi litsenziya va boshqaruv to‘lovlaridan millionlab daromad oladi.
NYT xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi ko‘chmas mulk kompaniyasi Dubaydagi Trump International Hotel and Tower loyihasiga $1 mlrd sarmoya kiritgan.
Ayni shu kompaniya Saudiya Arabistoni va Omonda Trampning boshqa yangi mehmonxonalari, golf maydonlari va hashamatli minoralarini qurishni rejalashtirmoqda. Bu ham Tramplar oilasiga o‘z nomi uchun millionlab dollar keltiradigan brending bitimlari ekanligini nashr qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Spot Qatar Donald Trampga $400 mlnlik samolyot sovg‘a qilishi haqida yozgandi.
“Uchar saroy” deb ta’riflanayotgan sovg‘a haqida rasmiy Tramp Qatarga tashrif buyurganida e’lon qilinishi kutilmoqda.