Hukumat qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentda yerosti suv olish inshootlarini suv hisoblash vositalari bilan jihozlashni ro‘yxatga olish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, ushbu davlat xizmati davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi. Suv hisoblash vositalari bilan jihozlanmagan yerosti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlanadi.
Yerosti suv olish inshootlaridan olinayotgan suv hisobini yuritish uchun faqat O‘zbekistonda o‘lchash vositalari davlat reyestriga kiritilgan turlardagi suv hisoblash vositalarining o‘rnatilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Hisoblash vositalari nasosli quduqlarda suv chiqishini boshqarish qurilmasidan oldin, favvorali quduqlar va buloqlarda boshqarish qurilmasidan keyin o‘rnatilishi lozim.
Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun BHMning 50%i (206 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.
Hududiy gidrogeologiya stansiyalari va tuman soliq inspeksiyalari so‘rovnoma yuborilgach, 10 kun muddatda yerosti suv olish inshootlarida o‘rnatilgan suv hisoblash vositalarini ro‘yxatga oladi va muhrlaydi.
Suv hisoblash vositasi ishdan chiqqanda yoki qiyoslashdan o‘tkazish uchun yechib olinganda, quduqdan olingan suv hisobi so‘nggi uch oyning o‘rtacha ko‘rsatkichi bo‘yicha aniqlanadi.
Suv hisoblash vositasini bir oydan ortiq muddatda qayta o‘rnatmaslik suvdan foydalanish qoidalarining buzilishiga tenglashtiriladi.
30-iyul kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekistonning Suv kodeksi tasdiqlangandi.
Avvalroq O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiyani rivojlantirish dasturi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.