Britaniyalik shifokorlar sun’iy intellekt yordamida yurak xastaliklarini 15 soniyada aniqlay oladigan stetoskopni ishlab chiqishdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Tana ichidagi tovushlarni tinglash uchun qo‘llaniladigan an’anaviy stetoskop 1816-yilda ixtiro qilingan va ikki asrdan buyon har bir shifokorning zaruriy jihoziga aylanib kelmoqda.
Endi tadqiqotchilar guruhi yurak yetishmovchiligi, yurak klapanlari kasalliklari va yurak ritmining buzilishini deyarli zudlik bilan aniqlay oladigan sun’iy intellekt imkoniyatlariga ega yuqori texnologiyali takomillashtirilgan qurilmani ishlab chiqdi.
London Imperial kolleji va NHS Imperial kolleji sog‘liqni saqlash trast fondi olimlari tomonidan yaratilgan yangi stetoskop inson qulog‘i ilg‘ay olmaydigan yurak urishi va qon oqimidagi eng kichik o‘zgarishlarni tahlil qilish hamda bir vaqtning o‘zida tezkor EKG o‘tkazish imkoniyatiga ega.
U yurak yetishmovchiligi, yurak klapanlari kasalliklari va yurak ritmi buzilishlarini erta aniqlash hal qiluvchi ahamiyatga ega, chunki bu hayotiy zarur dori-darmonlarga muhtoj bemorlarni ularning ahvoli xavfli tus olishidan oldin aniqlash imkonini beradi.
Sun’iy intellektga asoslangan stetoskopni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha tadqiqotda Buyuk Britaniyadagi 200 ta umumiy amaliyot shifokorlari kabinetlaridan 12 000 ga yaqin bemor qatnashdi. Tadqiqotda hansirash yoki holsizlik kabi alomatlari bo‘lgan bemorlar ishtirok etdi.
Yangi asbob yordamida tekshiruvdan o‘tgan bemorlarda ushbu texnologiya qo‘llanilmagan o‘xshash bemorlarga nisbatan yurak yetishmovchiligi ikki barobar ko‘proq aniqlandi.
Bemorlarda bo‘lmachalar fibrillyatsiyasi — insult xavfini oshirishi mumkin bo‘lgan yurak ritmi buzilishi uch barobar ko‘proq tashxislandi. Ularda yurakning bir yoki bir nechta klapanlari noto‘g‘ri ishlaydigan klapan nuqsonlari deyarli ikki barobar ko‘proq aniqlanadi.
Avvalroq Spot Saudiya Arabistoni islomiy qadriyatlarga ega chat-botni ishga tushirgani haqida yozgandi.
Halol sun’iy intellekt deb ta’riflanayotgan chat-bot arab tilida yaratilgan va mintaqaning madaniyati, tili hamda qadriyatlarini namoyish etishga mo‘ljallangan.