Avvalroq Spot “Toshkent-Sharqiy” aeroportida VIP va CIP terminallari hamda 20 ta samolyotga mo‘ljallangan perron qurilgani haqida yozgan edi. Shavkat Mirziyoyev yangi havo porti poytaxt aeroportining yuklamasini kamaytirish va Yangi Toshkentga xizmat ko‘rsatish imkonini berishini aytdi.

Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida 2017-yilda prezident O‘zbekiston temir yo‘llari'ga Toshkent-Sharqiy aeroportini qurish bo‘yicha topshiriq berganini qayd etdi. Biroq bir yarim yil avval COVID-19 pandemiyasi va boshqa sabablarga ko‘ra vazifa Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga topshirilgan.

“Biz bu vazifani o‘z zimmamizga oldik va ma’lumki, aeroportni ochdik,” — dedi u.

Yangi havo bandargohi qurilishi sabablari qatorida 2017-yildan buyon yo‘lovchilar oqimining o‘rtacha yillik 20% ga o‘sishi, bir qator davlatlar fuqarolari uchun vizalarning bekor qilinishi, mamlakat ichkarisida biznes va xorijiy investorlar bilan ishbilarmonlik aloqalarining rivojlanishi, shuningdek, Yangi Toshkent loyihasi keltirib o‘tilgan. Yangi aeroportga butun biznes aviatsiyasini ko‘chirish rejalashtirilmoqda.

Shuhrat Xudayqulovning ma’lum qilishicha, prezident xavfsizlikka alohida e’tibor qaratish, terminallar ichida va tashqarisida yo‘lovchilar uchun maksimal qulay sharoitlarni ta’minlash, samolyotlarga xizmat ko‘rsatish sonini ko‘paytirish va aeroport texnikasi sifatini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Shuningdek, Mirziyoyev samolyotlar uchun angarlar sonini ko‘paytirish vazifasini qo‘ydi.

Yangi aeroport ishbilarmonlik aviatsiyasining yo‘lovchilar oqimini hozirgi darajadan ikki baravar oshirish imkonini beradi, dedi u.

Toshkent-Sharqiy aeroportining CIP terminali. Foto: O‘zbekiston 24 telekanalidan olingan skrinshotlar

Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Umid Husanovning qayd etishicha, bugungi kunga kelib Toshkent-Sharqiy aeroporti ekspluatatsiyaga topshirilgan. “Bu degani, barcha qurilish ishlari yakunlandi, tizim yaratildi hamda uchish-qo‘nish uchun barcha tizimlar tayyor” — deya qo‘shimcha qildi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aeroport hududida turli rusumdagi samolyotlarni qabul qila oladigan 4 km uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi, uchta harakatlanish yo‘lagi va 23 ta samolyotga mo‘ljallangan perron qurilgan. Shuningdek, uchib kelayotgan samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish uchun yettita angar mavjud.

Umid Husanov so‘nggi besh yilda biznes aviatsiyasi faol rivojlanayotganini ta’kidladi. Masalan, Toshkent xalqaro aeroportida kamida 10 ta biznes-jet joylashgan bo‘lsa, ilgari kuniga 1−2 ta samolyot kelgan.

O‘zbekiston 24 xabariga ko‘ra, soatiga 100 yo‘lovchi o‘tkazish quvvatiga ega CIP-terminalda umumiy ovqatlanish shoxobchalari, Duty Free do‘konlari va brifing zallari joylashgan. Terminalga kirishda yo‘lovchilar pasport nazoratidan o‘tkaziladi, undan keyin, kafe, bagajlarni qabul qilish zonasi va bojxona nazorati keladi. Butun jarayon besh daqiqadan oshmaydi.

“Ilgari bunday imkoniyat yo‘q edi. Toshkent aeroportida bunga kamida 20 daqiqa ketardi… Yangi aeroportdan shahar markaziga 15 daqiqada yetib borish mumkin bo‘ladi: shundan 5 daqiqasi aeroportda, yana 10 daqiqasi yo‘lda”, — dedi Umid Husanov.

Uzbekistan Airways rahbari o‘rinbosari Shahzod Ikromovning ta’kidlashicha, Toshkent-Sharqiy aeroporti MDH mamlakatlari uchun noyob bo‘lib, tuman paytida ko‘rinish nolga teng bo‘lgan sharoitda ham parvozlarni qabul qilish imkonini beradi. Yangi havo bandargohiga shimoldan ham, janubdan ham kirish mumkin.

Toshkent-Sharqiy aeroporti. Foto: O‘zbekiston 24 telekanali va prezident matbuot xizmatidan olingan skrinshotlar

Toshkent-Sharqiy aeroporti

Iyun oyi o‘rtalarida Shavkat Mirziyoyev Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishining borishi bilan tanishdi. O‘sha paytda ikkita terminal — rasmiy delegatsiyalarni qabul qilish va biznes aviatsiyasiga xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan, shuningdek, samolyotlar to‘xtash maydoni va angar inshootlari qurilishi davom etayotgan edi.

Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov o‘shanda Toshkent-Sharqiy aeroporti ishbilarmonlik aviatsiyasini rivojlantirish va investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida tashkil etilayotganini ma’lum qilgandi. Havo bandargohi biznes-jetlar va yuqori martabali mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi.

“Bu aeroport aslida juda zarur edi, chunki Janubiy aeroportida (Toshkent xalqaro aeroporti — Spot izohi) juda katta yuk tushmoqda. Faqatgina Uzbekistan Airways o‘rtacha yillik yo‘lovchilar oqimining 20−25% ga o‘sishini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, boshqa aviakompaniyalar ish boshladi, shuningdek, xorijiy tashuvchilar soni bir necha barobar ko‘paydi. Hozirgi mavjud hajmlar bilan aeroport qaysidir ma’noda hatto eplolmayapti”, — dedi Shuhrat Xudayqulov.

Shularni inobatga olib, davlat rahbari Toshkent-Sharqiy aeroportini tashkil etishga qaror qildi. U IKAO standartlari bo‘yicha III-A toifasiga ega O‘zbekistondagi birinchi havo uzeli bo‘ladi — bu tuman va ko‘rinish nolga teng bo‘lgan sharoitda ham parvozlarni qabul qilish imkonini beradi.

Taqdim etilgan bosh rejaga ko‘ra, yangi havo bandargohining umumiy maydoni 561 gektarni tashkil etadi. Yo‘lovchi terminali soatiga 100 kishigacha xizmat ko‘rsatadi. Aerodrom perronida bir vaqtning o‘zida 23 ta ikki palubali Boeing-747 samolyotlari turishi mumkin bo‘ladi.

Avgust oyi boshida Uzbekistan Airways matbuot xizmati Spot’ga Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishini sentabr oyi boshida yakunlash rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Avvalroq Spot yangi Toshkent aeroporti uchun Toshkent viloyatidan 1309 gektar yer maydoni ajratilishi haqida yozgan edi.