Avvalroq 2-sentabrdan avtomobillarni Piskent poligonida sinovdan o‘tkazish to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.

Bu — Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha idoralararo komissiyaning 2-sentabr kungi yig‘ilish bayoni bilan bekor qilingani ma’lum bo’ldi. Hujjat nusxasi Spot‘da mavjud.

Bayonga ko‘ra, 2024-yil 1-noyabrdan boshlab Piskent avtopoligonida reglamentda belgilangan 2 ta majburiy ko‘rsatkich bo‘yicha sinovlarni amalga oshirish amaliyoti orqali rasmiy sotuvlar soni bo‘yicha keskin o‘zgarish bo‘lmagan.

Aksincha, 2024-yilga nisbatan joriy yil birinchi yarim yilligida jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilgan yengil avtotransport vositalari soni 2693 donaga ko‘paygan.

“Buning asosiy sababi muvofiqlikni baholash tizimida tegishli infratuzilmani yaratish yetarlicha ta‘minlanmagani, bugungi holat bo‘yicha Piskent avtopoligonida uzun navbatlar (1 oydan 3 oygacha) hosil bo‘lgani hamda aholining keng e‘tirozlari shakllanayotgani ma‘lum qilindi”, — deyiladi hujjatda.

Komissiya qarori bilan, yuridik shaxslarga muomalaga chiqarish uchun transport vositasining turini ma‘qullash hujjatining amal qilish muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi.

Shuningdek, 2025-yil 2-sentabrdan shaxsiy ehtiyoj uchun import qilinadigan bir dona avtotransport vositasini “elektromagnit moslashuvchanlik” va “haydovchi hamda yo‘lovchi xonasidagi havoga ajraladigan zaharli moddalar” ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovlarni o‘tkazish talabi bekor qilindi.

Bundan tashqari, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi muvofiqlikni baholash markazlarini tashkil etishga xususiy sektorni keng jalb etish va akkreditatsiya tizimini takomillashtirish yuzasidan Prezident Administratsiyasiga aniq takliflar kiritadi.

Raqobat qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mahalliy ishlab chiqaruvchilar, rasmiy va norasmiy dilerlar o‘rtasida avtotransport vositalarining narxlaridagi tafovutlarni tahlildan o‘tkazadi.

Ular narxlarni maqbullashtirish va tartibga solish bo‘yicha choralar yuzasidan Administratsiyaga takliflar kiritishi lozim.

Avtomobillarni texnik sinovdan o‘tkazish

2024-yilning 1-noyabridan O‘zbekistonda import qilinadigan avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi o‘zgardi. Ular bojxona hududida emas, balki Pskentdagi “UzTest” avtopoligonida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Yangilik sezilarli navbatlarning shakllanishiga olib keldi — haydovchilar kutish bir necha kun davom etishi mumkinligini bildirishdi. “UzTest” navbatlarni “mavsumiylik va import hajmining oshishi” bilan izohladi.

Shu bilan birga, muvofiqlik sertifikatining o‘rtacha narxi 2,6 mln so‘mdan 9,1 mln so‘mgacha oshib ketdi. Nazorati markazi ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun narxni 5,6 mln so‘mgacha, elektromobillar uchun esa 4,48 mln so‘mgacha pasaytirdi.

Undan keyin, 18-noyabrdan Yagona portal orqali elektron navbat olish imkoni yaratildi. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin hamda buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi. Xizmatga havola bu yerda.

Buning uchun birinchi navbatda Bojxona qo‘mitasining “Yagona darcha” axborot tizimi (singlewindow.uz) orqali sertifikatlashtirish organiga elektron ariza yuborish kerak.

2025-yilning yanvar oyida UzTest avtopoligonga elektron navbat olish tizimi ishlamay qolgani haqidagi xabarlarni rad etgandi. Onlayn tizimda bitta JShShIRga faqat bitta navbat olish mumkin. Undan foydalangandan keyin qayta navbat olish mumkin bo‘ladi.

Avvalroq O‘zbekistonda foydalanilgan avtomobillarni minilgan avtomashinaga almashtirish imkonini beruvchi Trade-up dasturi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.