Disney AQShning Federal savdo komissiyasi (FTC) tomonidan YouTube’da kompaniya videolarini tomosha qilgan bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini noqonuniy to‘plash bo‘yicha qo‘yilgan ayblovni hal qilish uchun $10 mln to‘laydi.
Reuters nashrining xabar berishicha, komissiyaning 2-sentabrdagi bayonotida aytilishicha, bolalarning ota-onalari ma’lumotlar to‘planishi haqida xabardor qilinmagan va bunga rozilik bermagan.
Qayd etilishicha, Disney platformaga joylangan videolarini “bolalar uchun mo‘ljallangan” deb belgilamagani tufayli kompaniya 13 yoshdan kichik tomoshabinlarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘plash va bu ma’lumotlardan reklamalarni moslash uchun foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Shikoyatda ko‘rsatilishicha, Disney AQShning Internetda bolalar maxfiyligini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunini (COPPA) buzgan. Bu qonunga ko‘ra, 13 yoshdan kichik bolalar foydalanadigan veb-saytlar, ilovalar va boshqa onlayn xizmatlar ularning ota-onalariga qanday shaxsiy ma’lumotlar to‘planishi haqida xabar berishlari shart.
Bundan tashqari, ular bunday ma’lumotlarni to‘plash uchun ota-onalarning roziligini olishlari kerak.
Federal savdo komissiyasi Disney kompaniyasiga “videolarini tegishli hollarda „bolalar uchun yaratilgan“ deb to‘g‘ri belgilash maqsadida” auditoriyani aniqlash dasturini joriy etishni taklif qilgani sud hujjatida qayd etilgan.
Kompaniya vakili ta’kidlashicha, bu kelishuv faqat YouTube’ga taalluqli bo‘lib, Disney’ga tegishli va uning tomonidan boshqariladigan raqamli platformalarga daxl qilmaydi.
“Disney uzoq vaqtdan beri bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish qonunlarining eng yuqori standartlariga amal qilib kelmoqda va biz bu sohada yetakchilik mavqeimizni saqlab qolish uchun zarur vositalarga sarmoya kiritishni davom ettiramiz,” deya qo‘shimcha qildi u.
2024-yil mart oyida Disney xodimlariga kam maosh to‘lagani uchun sudga berilgani haqida xabar berilgandi.
Da’voda Disneyland mehmonxonasi ishchilariga qo‘shimcha ish haqi to‘lanmagani va ularga ish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar sotib olingan xarajatlar uchun kompensatsiya berilmagani aytiladi.