Italiyalik modelyer va Armani modalar uyi asoschisi Jorjo Armani 4-sentabr kuni 91 yoshida vafot etdi. Bu haqda Armani Group o‘zining Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Kompaniya o‘z yaratuvchisi, asoschisi hamda harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan Armani yaqinlari qurshovida olamdan o‘tganini qayd etdi. O‘limi sababi noma’lum.

“U umrining oxiriga qadar mehnatdan to‘xtamadi — kompaniyaga, kolleksiyalarga va ko‘plab joriy hamda kelajakdagi loyihalarga o‘zini bag‘ishladi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, kompaniya Jorjio Armani doimo mustaqillikni — fikr va harakatdagi erkinlikni o‘zining asosiy muhri sifatida ifodalaganini, brend kelajakda ham shu ruhni saqlab qolishini ta’kidlagan. “Uning oilasi va xodimlari guruhni hurmat va mazkur qadriyatlarning uzviy davomi sifatida oldinga harakatlantiradi”, deyiladi bayonotda.

Armani o‘z nomidan birinchi liboslar to‘plamini 1974-yilda chiqargan. Oradan bir yil o‘tib, 1975-yilda sherigi Sergio Galeotti bilan Armani modalar uyiga asos solgan.

Bloomberg nashrining yozishicha, Armani Exchange va Emporio Armani kabi liniyalari orqali kompaniya 2024-yilda 2,3 mlrd yevro ($2,7 mlrd) daromad qilgan.

Armanining boyligi esa $9,5 mlrdga baholangan. “Bu uni Italiyadagi eng boy kishilardan biriga aylantirgan”, deya qayd etadi nashr.

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, modelyer aktivlarining bir qismi u 2016-yilda asos solgan Giorgio Armani Foundation jamg‘armasi boshqaruviga o‘tadi. Qolgan qismini Armanining oila a’zolari meros qilib oladi — vasiyatnomaga ko‘ra, ularga o‘z ulushini uchinchi shaxslarga sotish taqiqlanadi.

Avvalroq Balenciaga g‘ijimlangan paketga o‘xshash erkaklar sumkasini ishlab chiqargani haqida xabar berilgandi. Hozirda sumkaga oldindan buyurtma berish imkoniyati mavjud bo‘lib, uning narxi $995ni tashkil qiladi.