Gretsiya ta’lim vazirligi joriy o‘quv yilida 721 ta maktab ishlamasligini ma’lum qildi, bu mamlakatdagi jami maktablarning 5%ini tashkil qiladi.
Ekathimerini nashrining yozishicha, bunga sabab tug‘ilish darajasi pastligi sababli sinflarga yetarlicha o‘quvchilar olinmayapti.
Gretsiyada fertillik koeffitsiyenti, ya’ni reproduktiv davrda har bir ayolga to‘g‘ri keladigan tirik chaqaloqlar soni Yevropa Ittifoqidagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, 1,3 ni tashkil etadi. Bu, jumladan, maktab o‘quvchilari sonining kamayishiga olib keladi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, maktabda kamida 15 nafar o‘quvchi bo‘lishi kerak.
O‘quvchilar yetishmasligi muammosi nafaqat chekka qishloqlar yoki orollarda, balki yirik shaharlarda, shu jumladan Afinada ham boshlang‘ich maktablarga ta’sir qiladi.
Ta’lim vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025/26 o‘quv yilida maktab o‘quvchilarining umumiy soni 1,21 mn kishini tashkil etadi. Bu 2018/19 o‘quv yiliga nisbatan 150 mingdan ortiq kishiga kam bo‘lib, mamlakat uchun rekord darajadagi past ko‘rsatkichdir.
Vazirlik amaldorlari vaziyatni “qiyomat” deb atashmoqda. Idora vakili Xristos Siamalos shunday tushuntirdi: “Demografik muammo dahshatli, u yildan-yilga tobora yomonlashib bormoqda”.
Eng ko‘p boshlang‘ich ta’lim muassasalari yopiladi. 2018−2019 o‘quv yilida 247 ta boshlang‘ich maktab va 312 ta bog‘cha faoliyat ko‘rsatmagan bo‘lsa, 2025−2026-yillarga kelib bu raqamlar mos ravishda 324 va 358 taga yetadi. Faoliyati to‘xtatilgan qolgan maktablar o‘rta ta’lim muassasalari, asosan yuqori sinf maktablaridir.
1985-yildagi amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar maktabda 15 nafardan kam o‘quvchi ta’lim olsa, maktab faoliyati to‘xtatiladi — boshlang‘ich ta’limda bir o‘qituvchi aynan shu miqdordagi o‘quvchilarga mo‘ljallangan.
Maktab uch yil davomida faoliyat yuritmasligi mumkin, shundan so‘ng zarur miqdordagi o‘quvchilar bo‘lmasa, u ta’lim xaritasidan butunlay chiqarib tashlanadi.
Yopilish nafaqat qishloq va orollarga, balki yirik shaharlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Faqatgina Afina joylashgan Attikaning o‘zida 77 ta maktab faoliyati to‘xtatiladi.
Maktablarning yopilishi o‘quvchilarni yangi ta’lim muassasalariga uzoq masofalarni bosib o‘tishga majbur qilmoqda. Ta’kidlanishicha, ayrim chekka hududlarda bolalar kuniga 80 kilometr masofani bosib o‘tishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Avvalroq Spot Gretsiyada ayrim sanoat tarmoqlari uchun olti kunlik ish haftasi joriy etilishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, xodimlarning ish jadvalidagi ishtiroki ixtiyoriy bo‘lib, ular qo‘shimcha ish uchun 40% ko‘proq oladi.