Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida qurilishi davom etayotgan aeroportga sinov tariqasida birinchi samolyot qo‘ndi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, L-410UVP-E20 rusumli havo kemasining parvozi orqali texnik imkoniyatlar sinovdan o‘tkazildi.

Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov aeroport faqatgina transport obyekti emas, balki u turizm, investitsiya va iqtisodiy yuksalishning yangi drayveriga aylanishini taʼkidladi.

Hokimning taʼkidlashicha, bugungi kunda turistik zonada mehmonxonalar, dam olish maskanlari, suv sporti infratuzilmalari va yo‘l-transport tarmoqlari rivojlanmoqda.

Aeroport to‘liq ishga tushgandan so‘ng, u nafaqat ichki, balki xalqaro turistik oqimni ham qamrab olishi kutilmoqda.

“Yangi aeroport faoliyat boshlashi bilan Arnasoy Jizzax viloyatidagina emas, balki mamlakat darajasidagi strategik-turistik nuqtaga aylanishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.

Aydarko‘ldagi turizm markazi

Shavkat Mirziyoyevning iyul oyida Jizzax viloyatiga xizmat safari chog‘ida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qirg‘og‘ida turizm klasteri qurilishi rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston Milliy banki boshqaruvi raisi Alisher Mirsoatovning aytishicha, 29 gektar maydonni egallagan turistik klaster 2000 nafar dam oluvchilarni qabul qilishga mo‘ljallangan. Uni ishlab chiqishda xalqaro tajriba, jumladan, Yevropaning qator davlatlari amaliyoti o‘rganildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 5 gektar maydon cho‘milish va quyoshda toblanish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Ushbu hududda quyoshdan himoyalovchi soyabonlar, plyaj yotoqxonalari, shiyponlar, yo‘laklar, plyaj kiyinish xonalari va xizmat ko‘rsatish obyektlari o‘rnatiladi.

Avgust oyi boshida Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi sayyohlik markazi uchun mo‘ljallangan Arnasoy aeroporti qurilishi haqida xabar bergan edi.

Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati avgust oyi oxirida ekoturizm maskani 2025-yilning noyabr oyida to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.


Avvalroq Spot Surxondaryoda qiymati 140 mlrd so‘mlik ekoturizm kompleksi qurilishi boshlangani haqida yozgandi.