Avgust oyi oxirida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ayrim nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga texnik xatolik sababli litsenziyalar berilganini ma’lum qildi.
29-avgust kuni ertalab license.gov.uz tizimida yuzaga kelgan texnik nosozlik natijadasida ko‘rib chiqish muddati tugamagan arizalar bo‘yicha nodavlat OTMlarning amaldagi litsenziyalariga o‘zgartirish kiritish haqidagi so‘rovlariga belgilangan talab buzilgan holda ijobiy xulosalar shakllantirilgan.
“Mazkur holat texnik xatolik hisoblanib, hozirda uning sabablari tegishli idoralar bilan hamkorlikda chuqur o‘rganilmoqda. Yakuniy xulosalar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot jamoatchilikka taqdim etiladi”, deyiladi xabarda.
Xususan, beshta ta’lim tashkilotiga yangi ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari, ta’lim shakllari hamda faoliyat manzillari bo‘yicha qabul jarayonlarini tashkil etish uchun hech qanday ruxsat berilmagan. Bular:
- Profi University — yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi, masofaviy shakl va barcha magistratura mutaxassisliklariga.
- Sharq University — bank ishi, buxgalteriya hisobi ta’lim yo‘nalishlari va barcha kechki va masofaviy shakllarga;
- University of Business and Science — masofaviy ta’lim shakllariga;
- Osiyo xalqaro universiteti — ayrim masofaviy ta’lim shakllariga hamda Xorazm viloyati, Urganch shahridagi yangi faoliyat manziliga;
- Iqtisodiyot va pedagogika universiteti — tibbiyot yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari, masofaviy ta’lim shakllari hamda Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi yangi faoliyat manziliga;
Vazirlik mazkur ta’lim tashkilotlari tomonidan yuqoridagi yo‘nalishlar, mutaxassisliklar, ta’lim shakllari hamda faoliyat manzillari bo‘yicha e’lon qilinayotgan ma’lumotlar asossiz hisoblanishini qayd etgan.
Biroq, shu kuni Adliya vazirligi “Litsenziya” axborot tizimida texnik nosozliklar hamda ruxsat etilmagan harakatlar kuzatilmagani va tizim shtat rejimida ishlayotganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, idoralar nima uchun ba’zi universitetlarning litsenziyalari faol qoldirilgani, boshqalari esa o‘chirib qo‘yilganiga aniqlik kiritmadi.
Keyinroq Oliy ta’lim vazirligi rasmiy xatda litsenziyalardan biri vakolatli shaxs qarori va o‘rganishlarsiz berilganini tushuntirgan. Vazirlik versiyasiga ko‘ra, tizim hujjatni noto‘g‘ri shakllantirgan, shuning uchun u “faol bo‘lmagan” statusiga o‘tkazilgan.
Universitetlarning o‘zi bunday harakatlarni noqonuniy deb hisoblaydi va allaqachon sudga murojaat qilgan. Ularning qayd etishicha, litsenziya to‘liq qoidalarga muvofiq olingan va OTM tomonidan hech qanday qoidabuzarlik aniqlanmagan.
Spot universitetlar vakillari, jumladan, litsenziyasi savol ostida qolayotganlar bilan suhbatlashib, nega bunday vaziyat kelib chiqqani va oliy ta’lim muassasalari bundan keyin qanday yo‘l tutushi mumkinligini muhokama qildi.
advokat, Profi ta’lim muassasalari va universiteti tarmog‘i asoschisi. Bektosh Khatamov Telegram-kanali muallifi.
2-avgust kuni xorijda xizmat safarida edim, menga qo‘ng‘iroq qilib “texnik nosozlik sababli litsenziyangizga „ijobiy“ bahosi berildi. Litsenziya chiqqan, lekin to‘lov qilmagansiz, to‘lov qilmasdan arizangizni qaytarib oling”, deyishdi. “Mayli, texnik nosozlik bo‘libdi-da” deb arizani qaytarib oldik. Agar shu vaqtda to‘lov qilganimizda litsenziya shakllanardi.
Undan keyin litsenziya uchun qayta ariza topshirdik. 29-avgust kuni litsenziya chiqqan ekan, men esa bundan xabarsizman. Buning uchun to‘lov ham qilingan, hujjat shakllangan. Boshqa bir tanishim menga uni tashlab, suyunchi so‘rayapti. “Shunaqasiyam bo‘larkan-da”, deb xursand bo‘lib o‘z sahifamda bu haqida yozdim.
Birozdan keyin Oliy ta’lim vazirligi vakillardan chiqishdi, yana o‘sha gap, yana tizimga xakerlar hujum qilgan. Bu safar litsenziyalash departamenti xodimi Oxunjon Pirmanov nomidan ijobiy xulosa berilgan va litsenziya shakllangan. Lekin tizimda litsenziya shakllansa, talabgor uni qaytarib ololmaydi, endi biz xohlasak ham uni qaytarib ololmaymiz. Yana o‘sha ssenariy, yana g‘aroyib qandaydir odam, xaker-paker.
Shu o‘rinda Oliy ta’lim vazirligiga bir nechta savollarim bor. Olti oy ichida bir emas, ikki emas, naq uch marta xodimlaringizning ONE ID kalitidan kimdir kirib litsenziya berib yuborsa, keyin tizim xatosi deb ba’zilarining litsenziyasini qaytarib qo‘ysangiz, ba’zilariga ko‘z yumsangiz, bu litsenziya berishning yangi usulimi? Biz o‘yin qoidalarini tushunmay qolyapmiz, agar rostan ham shunday bo‘lsa, qonunchilikni o‘zgartirish kerak emasmi? Masalan, tizimda xatolik bo‘lib litsenziya berilsa, vazirlik kimning litsenziyasini qaytib olishni kimnikini qoldirishni o‘z xohishiga ko‘ra hal qiladi deb.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining yuqori mansabdorlari o‘z ONE ID kalitiga shunchalik bee’tibormi? Texnik nosozlik bo‘lgan taqdirda ham olingan litsenziyani huquqiy yo‘l bilan bekor qilishga sizga nima to‘sqinlik qilmoqda? Masalaning yechimi faqat bosim, shantaj, qo‘rqitishmi?
Adliya vazirligiga kelsak, qaysi huquqiy asosga ko‘ra besh oliygohning faol litsenziyasiga “faol emas” rejimini yoqib qo‘ydingiz? Bu bilan siz tadbirkorlar huquqini himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ularning huquqlarini poymol qilmayapsizmi? Bu prezident siyosatiga zid emasmi? Huquqning ustuni bo‘lish o‘rniga o‘zingiz qonunni buzmayapsizmi?
Umumiy hisobda 100 ming nafarga yaqin talabaga bilim berib kelayotgan, 10 ming nafarga yaqin odamni ish bilan ta’minlab oyiga milliardlab soliq to‘lab turgan tadbirkorlarning faoliyatiga noqonuniy aralashib uning faol litsenziyasini nofaol rejimga o‘tkazib qo‘yishga sizga kim huquq berdi?
Yana bir savol tug‘iladi: nega tizim faqat universitetlarni litsenziyalash sohasida “buziladi”? Nega xakerlar litsenziya bilan o‘ralashib yuribdi, shunchalik “zo‘r” bo‘lsa, bankni o‘marib qo‘ya qolsa bo‘lmaydimi? Juda qiziq savol, shundaymi?. Lekin, menimcha, gap boshqa tomonda. Tizimda ko‘p universitetlar litsenziya uchun ariza bergan, lekin litsenziya berilmasin degan og‘zaki topshiriq bor.
Endi masalaning boshqa tomoniga e’tibor bering, tizimda aytishlaricha 100 ga yaqin yangi universitet ochilishi uchun ariza berilgan. Masalaning, paradoksal holati shundaki, litsenziya beruvchi tashkilot litsenziyaga ijobiy xulosasini berishi uchun hech qanday dalolatnoma tuzib, uni tizimga yuklashi shart emas, yuklasa ham, yuklamasa ham bo‘ladi.
Lekin litsenziya berishni rad etish dalolatnoma tuzib uni nima asoslarga ko‘ra rad etayotganligini ko‘rsatishi kerak, ya’ni nega litsenziya berilmaganligini dalil isbotlarda ko‘rsatib berishi kerak, shunchaki tizimdan turib rad javobini bosib yuborolmaydi, aks holda litsenziya talabgori sudga berishi mumkin.
Yuzlab arizalarni bittalab o‘rganib chiqishga vaqt yetmayotgan bo‘lishi ham mumkin. Bu esa qo‘yilgan har qanday sun’iy maratoriy aynan mana shunday oqibatlarga olib keladi. Litsenziya berishga og‘zaki maratoriy e’lon qilib bozor qoidalariga qarshi yurish qilindi, bozorga bo‘ysunmaslik esa baribir aks natija beradi, nosoz tizim deb aytilayotgan muammolar ham aslida bozor qonun-qoidasiga bo‘ysunmaslikning oqibati xolos.
Erkin bozor deb bekorga aytilmagan, biz universitetmi, boshqa soha bo‘ladimi qanchalik bozorga tashlab bersak shunchalik soha tezroq rivojlanadi, sohada ko‘proq yangiliklar qilinadi.
Masalan, o‘quv markaz yoki xususiy maktab misolini olaylik, yiliga nechta o‘quv markaz ochiladi, yopiladi yoki nechtasi maktab ochadi, yuritolmaydi, odam bormaydi bir ikki yil ishlaydi, yopilib ketyapti, birov aralashgani yo‘q, chunki bozor o‘zi saralab tashlayapti, universitet ham xuddi shunday, boshqa sohalardan farqi yo‘q.
Balki aqlni ishlatib bozor qoidalariga o‘tarsizlar, janoblar?
Xususiy oliy ta’lim tashkiloti vakili
Nomi sir qolishini xohlagan
Bizga litsenziya 29-avgust kuni ertalab berilgan bo‘lsa, 31-avgustdan 1-sentabrga o‘tar kechasi u “faol emas” maqomiga o‘tkazilgan. Shu kuni kunduzi esa telefon orqali Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shaxrux Daliyev imzolagan xatni olib ketish uchun Toshkentga chaqirishgan. Nihoyat, litsenziya faol emasligi to‘g‘risidagi rasmiy xat 2-sentabr kuni bizga yetib kelgan.
Dastlab Oliy ta’lim vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda mazkur holatni “texnik nosozlik sabab litsenziyalar avtomatik tarzda chiqarilgan” deya izohlagandi. Biroq, Adliya vazirligi rasmiy raddiya berib, tizimda hech qanday texnik nosozlik yoki kiberhujum kuzatilmaganini, tizim shtat rejimida ishlaganini tasdiqladi. Undan keyin esa regulyator hech qanday javob yoko rasmiy izoh bermadi, dastlabki bayonoti xato bo‘lib chiqqani o‘z tasdig‘ini topdi.
Regulyator rad etish sabablari hamda qoida buzarlikni bartaraf etish muddatlari borasida biron bir ma’lumot taqdim etgani yo‘q. Amalda universitetning avvalgi litsenziyalari faol holatda qolmoqda va ta’lim faoliyati davom etmoqda. “Faol emas” maqomi faqatgina yangi berilgan litsenziya — ya’ni yangi yo‘nalish, yangi filial yoki yangi ta’lim shakliga nisbatan qo‘llanilgan.
Ular buni noqonuniy ravishda amalga oshirishdi. Chunki, amaldagi nizomga ko‘ra, litsenziyani nofaol holatga keltirish uchun avvalo tekshiruv o‘tkazilishi, agar kamchilik aniqlansa dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi hamda tizimga yuklanishi kerak. Shundan keyingina Adliya vazirligiga so‘rov yuborilib, litsenziya 10 kun muddatga muzlatilishi mumkin. Biroq, mazkur tartibning birorta ham bosqichi bajarilmagan sharoitda litsenziya nofaol maqomga o‘tkazilgan.
Litsenziya shakllanganida beshta OTMda ham shu asosda yangi yo‘nalish, filial va ta’lim shakli bo‘yicha qonunan talabalarni o‘qishga qabul qilish huquqi mavjud edi. Ariza holati o‘zgarishi haqida esa hech qanday rasmiy bildirishnoma yuborilmagan, ya’ni “holat o‘zgartirilmoqda” degan xabar olmaganmiz. Keyinchalik bilganmiz. Shundan so‘ng, Oliy ta’lim vazirligi o‘zining rasmiy kanali orqali QR-kodni tekshirish kerakligi haqida e’lon berdi. Unda litsenziya faol bo‘lsa o‘qishga topshirish, faol bo‘lmagan yo‘nalishga esa topshirmaslik haqida ogohlantirishgan.
Vazirlik bilan bog‘lanilganda, ular tizimda texnik nosozlik yuz berganini bildirgan. Shunga o‘xshash holat 2-avgustda ham kuzatilgan: o‘sha vaqtda vazirlik telefon orqali murojaat qilib, litsenziya hali shakllanmagani, faqat tasdiqlanganini aytishgan. O‘shanda ham vazirlikka yon bosib, “Xo‘p” deb orqaga chekinganmiz. Biroq, undan keyin litsenziya shakllanib bo‘lgach, ular yana iltimosnoma bilan chiqib, “texnik nosozlik” bo‘lganini bahona qilishgan, qaytarishni so‘raganimizda esa rad javobini berishgan.
Adliya vazirligi vakillari bilan bog‘lanishning esa umuman imkoni bo‘lmagan. Ular ham bu savollarga umuman javob bermaydi. Litsenziya “faol emas” maqomiga o‘tkazilgach, bu qarorning sabablari ham, uning amal qilish muddatlari ham, maqomni qayta tiklash tartibi ham taqdim etilmagan.
Mazkur holatda vakolatli organlarning harakatsizligi va vakolatni suiiste’mol qilishi ustidan yuqori turuvchi organlarga hamda sudga murojaat qilingan. Hozirda jarayon davom etmoqda, biroq hali ham hech qanday rasmiy javob taqdim etilmagan. Umumiy taassurot shuki, bu masalani hamma unutib yuborishni, yopishni xohlayapti.
Litsenziyalar chiqqach, beshta oliy ta’lim muassasasi ham qabul jarayonini boshlab yuborgan: kimdir reklamalar e’lon qilgan, yana kimdir yurisprudensiya yo‘nalishiga litsenziya olgan bo‘lsa, unga qabulni boshlab, imtihonlar tashkil qilgan. Boshqasi esa filialga shartnomalar berishni boshlagan. Chunki bu vaqtda litsenziya faol holatida va talabalarni qabul qilish qonunan mumkin edi. Bundan tashqari, Adliya vazirligi hech qanday texnik nosozlik bo‘lmaganini tasdiqlagandan keyin beshta OTM ham qabul jarayonini davom ettirdi.
Biroq, litsenziya faol bo‘lmay qolishi universitetlar uchun katta zarar olib keladi, chunki ancha jarayonlardan o‘tgan edik. Beshta oliygoh ham birday zarar ko‘rdi. Qolaversa, bu universitetlarning imijiga ham putur yetkazyapti. Aynan, yangi olingan yo‘nalish yoki filial uchun qabul qilish va shartnomalarni berish jarayonlari to‘xtatilgan.
Zarar ko‘rganlar soni juda ham katta. Bu nafaqat beshta oliygohga, balki unda tahsil olayotgan 5000 dan ortiq talabaga ham zarar keltiradi, lekin ular bu masala keyinchalik kattalashib ketmasligi, boshqa muammolarni yuzaga chiqarmasligi uchun ham bu narsani ochiqlayotgani yo‘q.
Miqdor jihatidan aniq baho berish hozircha qiyin, biroq to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘qotishlar sezilarli darajada. Masalan, yangi filial tashkil etishda yer xaridi, bino qurilishi, ichki jihozlar va texnikalar xaridiga o‘rtacha $5−10 mln atrofida mablag‘ sarflangan. Litsenziya faol holatda bo‘lganda minglab talabalar tahsil olishi, 300−400 nafarga yaqin ish o‘rni yaratilishi va davlat budjetiga katta miqdorda soliqlar to‘lanishi mumkin edi.
Bundan tashqari, bilvosita xarajatlar ham bor. Kimdir filial tashkil qilgan, kimdir yangi yo‘nalish uchun o‘qituvchi olgan. Mening nazarimda, eng zarar ko‘radiganlar aynan ular bo‘ladi. Chunki, yer va mol-mulk soliqlari hamda xodimlar ish haqlarini to‘lash bor. Bu esa milliard-milliard so‘mni tashkil etadi.
Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri tadbirkor yo‘lini kesishdir. Shu bilan birga, bu ularning faoliyatini to‘xtatibgina qolmay, chet ellik investorlarning ishonchini yo‘qotadi. Avval ta’lim sohasiga katta qiziqish bildirgan xorijiy investorlar endilikda O‘zbekistonda xohlagan paytda litsenziyalar bekor qilinishi mumkin, degan xavotir bilan investitsiya kiritishni istamayapti. Biz yuz millionlab, hatto $1 mlrdgacha bo‘lgan xorijiy investitsiyalar oqimini cheklayapmiz. Bu kabi muammolar oldin ham bo‘lgan, ammo hozirgi vaziyat yana-da turtki beradi.
Litsenziya bilan bog‘liq vaziyatni izohlash mushkul. Chunki turli idoralarning bayonotlari bir-biriga zid. Natijada, zararni tadbirkorlar, oliy ta’lim muassasalari, talabalar va oddiy fuqarolar ko‘rmoqda.
Bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun litsenziya berish tartibini tubdan qayta ko‘rib chiqish va zamonaviy, shaffof tizimlarga o‘tish zarur. Chunki bu vaziyat birinchi marta yuz bermayapti. So‘nggi yillarda kamida to‘rt-besh marta shunday “texnik nosozlik” kuzatilgan.
Masalan, 2024-yilda Abu Rayhon Beruniy universitetiga berilgan litsenziya ham texnik nosozlik deb aytilgandi. 5-may kuni ikkita universitetga chiqqan filial bo‘yicha litsenziyaning bittasi qaytarib olingan, ikkinchisi — yo‘q. Bunda ham texnik nosozlik ekani aytildi. 2-avgust kuni 17 ta universitetga litsenziya chiqdi. Shundan uchtasi to‘lov qilgan, qolganlari uchun tizim yopib qo‘yilgan. O‘sha uchtasidan ikkitasining litsenziyasi qaytarib olindi, yana bittasi hali ham turibdi, bu ham texnik nosozlik sabab. Va nihoyat, 29-avgustda yana 5 ta universitetga berilgan litsenziya texnik nosozlik bo‘lib chiqdi.
Har safar texnik nosozlik deyish qanchalar to‘g‘ri kelishi mumkin? Hozircha nima bo‘layotgani bizga qorong‘u. Tadbirkor ish o‘rni yaratyapti, soliq to‘layapti, qanchadan-qancha investitsiya jalb qilyapti, binolar quryapti. Chunki ta’lim sohasi shunaqa sohakki, 90% mablag‘, albatta, o‘ziga qayta investitsiya qilinishi kerak. Qayta investitsiya qilinmasdan rivojlanish bo‘lmaydi. Yangi maktab, bog‘cha, ta’lim klasterlari, klinikalar va shifoxonalarning qurilishi faqat va faqat foyda keltiradi.