AQShning Indianapolis shahrida faoliyat yurituvchi bankrotlik bo‘yicha advokat Mark Stiven Sukerberg Meta’ni sudga berdi. Bu haqda Axios nashri xabar berdi.
Da’voda Facebook’dagi shaxsiy va biznes sahifalari “mashhur shaxsni taqlid qilish” qoidasi asosida bir necha bor asossiz o‘chirib qo‘yilgani, bu esa mijozlar oqimi va obro‘siga zarar yetkazgani keltirilgan. Ish 2025-yil 2-sentabr kuni ro‘yxatga olingan.
Da’vogarning aytishicha, so‘nggi sakkiz yil ichida uning biznes sahifasi besh marta, shaxsiy akkaunti esa to‘rt marta bloklangan. 2022−2025-yillarda reklama uchun $11 mingdan ortiq mablag‘ sarflanganiga qaramay, sahifa navbatdagi marta ham o‘chirib qo‘yilgan.
U beparvolik va shartnoma buzilishi bo‘yicha tovon, xarajatlar hamda kelgusida sahifani o‘chirishni taqiqlovchi sud buyrug‘ini talab qilmoqda.
Meta vakili sahifa “xatolik sabab bloklangani” va allaqachon tiklangani, shuningdek bunday hodisalarning oldini olish ustida ishlanayotanini bildirdi.
Sukerberg o‘z nomidagi chalkashliklar yillar davomida turli noqulayliklarga sabab bo‘lganini aytadi va bu holatlarni iammarkzuckerberg.com saytida jamlab boradi.
Mahalliy OAVga ko‘ra, u hatto aeroportda limuzin haydovchisi “Mark Zuckerberg” yozuvi bilan kutganida odamlar orasida shovqin ko‘tarilgani kabi vaziyatlarga ham duch kelgan.
Qayd etilishicha, hozircha sud tinglovlari sanasi e’lon qilinmagan. Ish Indianapolisdagi Marion Oliy sudida ko‘rib chiqiladi.
Avvalroq Spot Sukerbergdan Instagram va WhatsApp olib qo‘yilishi mumkinligi haqida yozgandi.
AQSh Federal savdo komissiyasi Meta’ni Instagram va WhatsApp’ni noqonuniy sotib olgan deya gumon qilmoqda.