Avvalroq Spot 2026-yildan boshlab O‘zbekistonda fermerlar va dehqonlar uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQS bekor qilinishi haqida yozgandi. Imtiyoz paxta va g‘alladan tashqari sotilgan meva-sabzavot, go‘sht, sut, tuxum va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga tatbiq etiladi.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida qishloq xo‘jaligida yashirin iqtisodiyot ulushi 45% dan oshgani — eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri ekanini aytdi.

“Bu fermer xo‘jaliklarimiz va qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarimiz 12%lik QQS tufayli shaffof ishlashdan manfaatdor emasligini ko‘rsatadi”, — dedi u.

SSP raisi hali e’lon qilinmagan prezidentning bugungi qarorini inqilobiy deb atadi. Paxta va g‘alla uchun istisno qilingan, chunki butun ishlab chiqarish zanjirini qamrab oluvchi klasterlar tizimi yaratilgan. Biroq, boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha QQSni hisobga olish imkoniyatining yo‘qligi tadbirkorlarning qonuniy faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Davron Vahobov QQSni bekor qilish va uni uch kun ichida qaytarish qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sishi uchun rag‘bat yaratishini ta’kidladi. 2024-yilda O‘zbekiston mahsulotlarining o‘rtacha eksport narxi bir kilogramm uchun $1,5 dan oshmagan, MDH mamlakatlarida esa ular kamida $4 dan sotilgan.

“Bugun prezident fermer va dehqonlarni QQSdan to‘liq ozod qildi. Bu zanjirga kiruvchi eksportyorlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari saqlanadigan muzlatkichlar, tarqatish markazlari va dehqon bozorlari uchun imkoniyat yaratadi. Ishonchim komilki, bugun shu sohadagi tadbirkorlarimizning bayrami”, — dedi Vahobov.

Prezident Savdo-sanoat palatasi, Soliq qo‘mitasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligiga tadbirkorlarga yashirin iqtisodiyotdan chiqish bo‘yicha qarorning imkoniyatlarini tushuntirib berishni topshirdi.

QQS va qishloq xo‘jaligi

18-iyul kuni BMB Holding kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov qishloq xo‘jaligidagi eng katta yuk 12%lik QQS ekanini aytdi. U qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga soliqni ma’lum muddatga — 2−3 yilga 1% gacha kamaytirishni taklif qildi.

“Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 90% ga yaqinini bank hisob raqamlari orqali rasmiy xarid qilamiz. Lekin tan olaman: qolgan 10%i naqd pulga, chunki fermerlar bilan boshqacha ishlashning iloji yo‘q. Biz pul o‘tkazamiz, fermerlar mahsulot yetishtiradi va yetkazib beradi. Lekin olib ketayotganimizda bizga hujjat berishmayapti”, — deya ta’kidladi tadbirkor.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ta’kidlashicha, fermerlar tovarlarni naqd pulga sotib olishlari va QQSni hisobga olish imkoniyatiga ega bo‘lmaganliklari sababli, butun aylanmaning 12%i miqdorida QQS to‘lashga majbur bo‘lmoqdalar. Bekzod Mamatqulov esa muammoning ayrim turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish zarar keltirayotgani bilan yanada murakkablashayotganini qayd etib, bunga misol sifatida kartoshka va pomidor bilan bog‘liq vaziyatni keltirdi.

O‘z navbatida, Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev tadbirkorlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQSni 12% dan 1% ga tushirish taklifiga qarshi chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agrar sohada soliq yuki pastligicha qolmoqda, shuning uchun vazirlik unda muammo ko‘rmayapti.

“Biz yo‘q qilishni istayotgan [qishloq xo‘jaligi mahsulotlari]ning yashirin aylanmasi mavjudligini bilamiz. Bozordagi yirik ishtirokchilar kichik tadbirkorlarga qonuniy ishlashni tavsiya qilishlari lozim. Agar halol faoliyat yuritilsa, foyda me’yori kamayishi mumkin, biroq hayot osonlashadi va ko‘plab operatsion xarajatlar bartaraf etiladi”, — dedi Sherzod Qudbiyev.

Amaldorning ta’kidlashicha, agar kiruvchi QQSni hisobga olishda qiyinchiliklar yuzaga kelsa, muammo soliq yukida emas, balki mavjud hisobga olish mexanizmlarida. Eksportchilarga ishchi guruh tuzib, masalani tezkorlik bilan o‘rganib, yechim topishni taklif qildi.


Avvalroq Spot qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQSning bekor qilinishi O‘zbekiston fermerlarining yarmiga ta’sir qilishi haqida yozgandi.