Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (biznes-ombudsman) tadbirkorlar murojaatlarini qabul qiluvchi maxsus guruhni ishga tushirdi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Telegram guruh orqali oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, eksport va import qilish hamda realizatsiya qilishda veterinariya, o‘simliklar karantini va himoyasi hamda sanitariya va gigiyena talablariga muvofiqligi masalalar yuzasidan murojaat qilish mumkin.
Vazirlikning qayd etishicha, guruhda vakolatli idoralar, jumladan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rahbariyati ishtirok etadi.
Telegram guruhga havola orqali o‘tish mumkin.
Spot avvalroq 2026-yildan O‘zbekistonda fermerlar va dehqonlar uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQS bekor qilinishi haqida xabar bergandi. Imtiyoz paxta va g‘alladan tashqari sotilgan meva-sabzavot, go‘sht, sut, tuxum va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga tatbiq etiladi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning qayd etishicha, QQSning bekor qilinishi 48 mingdan ortiq fermerga ta’sir qiladi. Fermerlar uchun rentabellik 5−7% dan 15% gacha oshadi, mablag‘lar uch kun ichida onlayn platforma orqali qaytariladi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov QQSni bekor qilish va uni uch kun ichida qaytarish qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sishi uchun rag‘bat yaratishini ta’kidladi. 2024-yilda O‘zbekiston mahsulotlarining o‘rtacha eksport narxi bir kilogramm uchun $1,5 dan oshmagan, MDH mamlakatlarida esa ular kamida $4 dan sotilgan.