Hukumatning 4-sentabrda qabul qilingan qarori (VMQ-562) bilan O‘zbekistonda ismni avtomobil raqami qilib qo‘yish mumkin bo‘ladi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.

Uzavtomotobelgi davlat unitar korxonasiga aholining talab va taklifidan kelib chiqqan holda avtomototransport vositalari uchun “noyob” davlat raqami belgilarini ochiq kim oshdi elektron savdolari orqali berish huquqi berildi.

Ushbu tartib 2026-yil 1-yanvardan boshlab amal qiladi hamda auksionda oltitagacha harf yoki raqamlar kombinatsiyasidan iborat avtomobil raqamini sotib olish mumkin bo‘ladi.

Bunda “noyob” davlat raqami belgilari amaldagi davlat raqami belgilarini takrorlamasligi, qonunchilikka va axloqiy normalarga xilof ma’noga ega bo‘lmasligi kerak.

Masalan, endi ko‘chalarda “SARVAR”, “AZIZA”, “ODIL” yoki “BUXORO” deb yozilgan raqamli mashinalarni ko‘rish mumkin.

Avvalroq auksionda “chiroyli” avtoraqam 482 mln so‘mga sotilgani haqida xabar berilgandi.