Avvalroq hukumat qarori bilan avtomototransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari belgilangani haqida xabar berilgandi. 2026-yildan O‘zbekistonda ismni mashinaga raqam qilib qo‘yishga ruxsat beriladi. Uzavtomotobelgiga “noyob” avtoraqamlarni elektron savdolarda sotish huquqi berildi.

Hujjat bilan, kelasi yildan boshlab avtotransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining axborot tizimida auksion orqali berish bekor qilinadi.

Endi xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega avtoraqamlar oshirilgan to‘lov stavkalari asosida auksion orqali sotilmaydi. Bunda amaldagi tartib saqlanib qolgan holda, avtorqamalar yagona oshirilgan to‘lov asosida beriladi.

Ushbu tartib 2026-yildan boshlab amal qiladi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron murojaati bilan istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilari ularga taqdim etiladi.

Onlayn rejimda uzluksiz ravishda yangilanib turadigan yagona ochiq ma’lumotlar bazasida bo‘sh turgan avtoraqamlarni quyidagi tizimlar orqali tanlash mumkin bo‘ladi:

  • hududlardagi ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalarida joylashgan infokiosklar;
  • YHXX mobil ilovasi va rasmiy veb-sayti;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz).

2025-yil 1-oktabrdan boshlab istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan avtoraqam uchun yagona oshirilgan to‘lov miqdorini Uzavtomotobelgi belgilaydi.

Avtomototransport vositasi qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda barcha toifalardagi davlat raqami belgilari yagona oshirilgan to‘lovning 50%i miqdoridagi to‘lov evaziga uning egasining nomida qoldirilishi yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa shaxs nomiga o‘tkazilishi mumkin. Bu talab joriy yil 1-noyabrgacha berilgan yoki foydalanishda bo‘lgan barcha toifalardagi avtoraqamlarga tatbiq etiladi.

2026-yildan yagona ochiq ma’lumotlar bazasida hududlarning kod raqami doirasida barcha toifadagi davlat raqami belgilari joylashtiriladi. Bundan oldin berilgan yoki foydalanishda bo‘lganlari mustasno.

Ushbu tartibga hududning keyingi kod raqamiga faqat oldingi kod raqami doirasidagi xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega avtoraqamning 90%i band bo‘lgan taqdirda o‘tiladi.

Respublika tovar-xomashyo birjasi joriy yilning 1-oktabridan boshlab davlat raqami belgilarining auksion savdolarini to‘xtatadi.

Auksionga qo‘yilib, sotilmagan hamda ishlab chiqarilib, sotilmagan xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega 1−3-toifadagi davlat raqami belgilari Uzavtomotobelgi tomonidan belgilangan yagona oshirilgan to‘lov evaziga beriladi. 4−6-toifadagi avtoraqamlar esa xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lmagan belgilarni berishning amaldagi tartibida beriladi.

Avvalroq auksionda “chiroyli” avtoraqam 482 mln so‘mga sotilgani haqida xabar berilgandi.