Avvalroq hukumat qarori bilan avtomototransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari belgilangani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, hukumat atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan “Ekologik transport” tizimini joriy etish muddatini yana kechiktirdi. Unga ko‘ra, transport vositalariga ekologik stikerlar berish 2026-yildan boshlanadi.

Xususan, tizimni Toshkentda to‘liq joriy qilish 2027-yilga mo‘ljallangan. 2028−2030-yillari Nukus va viloyatlar markazlari hamda, alohida ekologik zonalarda bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2031−2034-yillarda esa butun O‘zbekiston bo‘ylab kengaytiriladi. 2035-yili barcha avtomobillar ekologik baholashdan o‘tkazilishi yakunlanadi.

Avtotransport vositalarining ekologik me‘yorlarga muvofiqligini baholash uchun ishlab chiqaruvchining ekologik sinf (Yevro) to‘g‘risidagi ma‘lumotlaridan foydalaniladi. Tegishli hujjatlar bo‘lmasa, mashinani tekshirish IIV huzuridagi Innovatsion loyihalar va aholiga xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Chiqindilarning zararlilik darajasiga qarab, avtomobil “yashil”, “sariq” yoki “qizil” stiker oladi. Toshkentda haydovchilarga stikerlar berish 2026-yil yanvar oyida boshlanadi. Poytaxtdagi barcha mashinalarni ekologik baholash muddati ham 2027-yil o‘rniga 2028-yil boshigacha cho‘zildi.

Nukus shahri va viloyat markazlarida avtomobillarni ekologik baholash uchun 2031-yil yanvarigacha (ilgari 2029-yilgacha edi) muddat belgilangan. Boshqa hududlarda oxirgi muddat 2035-yil boshigacha (ilgari 2031-yil edi) belgilandi.

2024-yilning mart oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan avtomobillarga ekologik stiker berishni nazarda tutuvchi tizim o‘sha yilning iyun oyidan boshlanishi kerak edi. Biroq, iyul oyiga kelib bu muddat joriy yilning 1-martiga ko‘chirilgandi.

Avvalroq, 2026-yildan “chiroyli” avtoraqamlarni auksion orqali sotish bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.