E’tibor qarating: ma’lumotlar faqat nashr etilgan vaqtdagina aktual hisoblanadi va ma’lumot olish uchun taqdim etilgan. Aniq ma’lumotga ega bo‘lish uchun Spot to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank bilan bog‘lanishni tavsiya qiladi.
Spot talabalar uchun banklardagi ta’lim kreditlari haqida ma’lumotlarni va uni olish shartlarini o‘rganib chiqdi.
Maqola nashr qilingan vaqtda mavjud 35 ta bankdan 10 tasida talabalar uchun ta’lim kreditlari ajratilmoqda.
Banklar kredit mablag‘larini 7 yildan 13 yilgacha bo‘lgan muddatga, to‘lov-kontrakt shartnomasi summasidan kelib chiqqan holda berishadi.
Kreditning foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi asosiy stavkasi (hozirda 14%) doirasida hisoblanadi.
Xotin-qizlarga ajratilgan ta’lim krediti bo‘yicha foizlarini so‘ndirish Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan so‘ndiriladi.
2024-yil 27-mayda oliy va professional ta’lim tashkilotlari talabalari va o‘quvchilariga budjet mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditini ajratish tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, oliy va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish uchun ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi.
Ta’lim krediti OTMlarning birinchi bosqich talabalari va PTTlar o‘quvchilari uchun to‘lov-kontrakt summasi miqdorida taqdim etiladi.
OTMlarning ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi “3” dan past bo‘lgan taqdirda to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80%i miqdorida (“Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oilalar farzandlari bundan mustasno) ajratiladi. To‘lov-kontraktning 20%i talabaning o‘z hisobidan amalga oshiriladi.
Ta’lim kreditining talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab (ya'ni olti oy o‘tib) 7 yil davomida qaytariladi.
Rasmiylashtirish
Ta’lim kreditini rasmiylashtirishda kerak bo‘ladigan asosiy hujjatlar quyidagilar:
- pasport;
- qarz oluvchining oxirgi 12 oy mobaynidagi moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar (jamg‘arib boriladigan pensiya taʼminoti tizimi orqali aniqlanadi);
- talaba va oliy o‘quv yurti o‘rtasida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan taʼlim shartnomasi;
- birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashuvchi jismoniy shaxslarga doir hujjatlar;
- krеdit qaytarilishi ta’minotiga doir hujjatlar.
Ro‘yxat alifbo tartibida tuzilgan va banklarni tartiblamaydi. Ma’lumotlar banklarning rasmiy saytlari va call-markazlaridan olindi.
Bank nomi | Berilish muddati |
Asakabank* | 7,5 yil |
Agrobank* | 7 yil |
Biznesni rivojlantirish banki | 7,5 yil |
Hamkorbank | 7 yil |
Mikrokreditbank | 15 yil |
Orient Finans Bank* | 7 yil 6 oy |
Turonbank | 7,5 yil |
O‘zsanoatqurilishbank | 11 yil |
O‘zmilliybank | 13 yil 6 oy |
Xalq banki | 7,5 yil |
* — xotin-qizlarga ajratilgan ta’lim krediti yillik 14% qilib belgilanadi va asosiy qarz uchun hisoblangan foizlar Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tomonidan har uch oyda qoplab beriladi.
Joriy yilning fevralida prezidentning yoshlar bilan muloqotida endilikda kambag‘al oilaning farzandiga ta’lim krediti foizsiz beriladi, qo‘shimcha grant ajratiladi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab berilishi ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, hukumat qaroriga ko‘ra, belgilangan toifadagi talabalar uchun OTMlarda fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi (GPA) 3,5 va undan yuqori bo‘lgan talabalarga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.