Oliy va professional ta’lim tashkilotlari talabalari va o‘quvchilariga budjet mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditini ajratish tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

2024/2025 o‘quv yilidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan talaba va o‘quvchilarga ta’lim kreditlari ajratishning yangi tartibi joriy etiladi.

Oliy va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish uchun ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi.

Ta’lim krediti OTMlarning birinchi bosqich talabalari va PTTlar o‘quvchilari uchun to‘lov-kontrakt summasi miqdorida taqdim etiladi.

Ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun esa fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi “3"dan past bo‘lsa, kontrakt summasining ko‘pi bilan 80%i miqdorida ajratiladi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oilalar farzandlari bundan mustasno.

OTM talabalari uchun ta’lim krediti talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kontrakt.edu.uz va HEMIS axborot tizimlarida mavjud bo‘lganda beriladi.

Professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari uchun esa ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarning prof.edu.uz axborot tizimida mavjudligi asosida ajratiladi.

O‘z dasturiy ta’minotiga ega bo‘lgan oliy va professional ta’lim tashkilotlari ta’lim kreditini olish uchun tegishli axborot tizimlariga o‘z axborot tizimini integratsiya qilishi yoki ulardan foydalanishi majburiy hisoblanadi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2024-yilning 1-iyuligacha tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar barcha oliy va professional ta’lim tashkilotlarining to‘lov-kontrakt shartnomasi “kontrakt.edu.uz” va “prof.edu.uz” axborot tizimlari orqali shakllantirilishini ta’minlaydi.

2024/2025 o‘quv yili boshlangungacha ta’lim kreditini olish uchun arizalarni “Ta'lim krediti” axborot tizimi (ta'lim-krediti.mf.uz) va Yagona portal orqali topshirish imkoniyati yaratiladi.

“Ta'lim krediti” axborot tizimi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

2023-yilning martida talabalarga ta’lim kreditini onlayn ajratish xizmati ishga tushirilishi ma’lum bo‘lgandi.

Avvalroq prezident farmoni bilan davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul ikki bosqichda amalga oshirilishi belgilangandi.