Avvalroq Spot Vazirlar Mahkamasi O‘zavtomotobelgi davlat korxonasiga avtomobillar uchun davlat raqam belgilarini berishga ruxsat bergani haqida yozgandi. Shuningdek, 1-oktabrdan tovar-xomashyo birjasi (O‘zRTXB) orqali “chiroyli” raqamlarni sotish to‘xtatiladi.

Sotilmagan kombinatsiyalar toifalarga qarab haydovchilarga taqsimlanadi. 1-dan 3-kategoriyagacha bo‘lgan raqamlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zavtomotobelgi korxonasi tomonidan “yagona oshirilgan to‘lov” evaziga sotiladi, uning miqdori korxona tomonidan belgilanadi. Qolgan kombinatsiyalar umumiy navbat tartibida beriladi.

chiroyli avtoraqamlar, yhxbb

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshevning Spot’ga ma’lum qilishicha, yagona oshirilgan to‘lov miqdori hali belgilanmagan. Bu Vazirlar Mahkamasining 4-sentabrdagi qarori (VMQ-562-son) asosida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, O‘zavtomotobelgiga 1-oktabrgacha muddat berildi.

2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zRTXB tizimida raqam belgilari bilan o‘tkaziladigan kimoshdi savdolari, shuningdek “chiroyli” raqamlarni yuqori narxlarda berish tartibi bekor qilinadi. Buning o‘rniga, maxsus harf va raqam kombinatsiyalari bo‘lgan davlat raqamlari jismoniy shaxslar va tashkilotlarga elektron murojaat asosida taqdim etiladi.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zavtomotobelgi davlat unitar korxonasi 2008-yil sentabr oyida ro‘yxatga olingan. Ustav fondi 3,38 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan davlat korxonasi “boshqa toifalarga kiritilmagan boshqa tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish” bilan shug‘ullanadi. Yagona ta’sischisi — O‘zbekiston IIV DYHXX, rahbari — Sobirov Ali To‘raxonovich, 2021-yil avgust oyida prezident uni “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlagan.
chiroyli avtoraqamlar, yhxbb

Avvalroq Spot avtomobil importida baholash tartibi soddalashtirilishi haqida yozgandi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan mashinalarga ayrim tekshiruvlar bekor qilinib, transport vositalarining turini ma’qullash hujjati muddati 5 yilga uzaytirildi.