Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha va maktab ta‘limi sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Prezident qamrovni oshirish uchun sharoit yaratilayotgani bilan bog‘chalarga yangi metodika kirib borishi, tarbiyachilarning salohiyati shunga yarasha bo‘lishi kerakligini qayd etdi.
Yoz mavsumida 118 ming tarbiyachining malakasi oshirildi, lekin bu yetarli emasligi qayd etildi.
Shu bois, yangi o‘quv yilidan pedagogika oliygohlarida o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilar uchun “1+5” (1 kun o‘qish, 5 kun ish) bakalavr ta’lim shakli joriy qilinadi. Bu orqali bog‘chalarga har yili qariyb 10 ming oliy ma’lumotli mutaxassis kirib keladi.
Xususiy bog‘cha bilan davlat bog‘chasi uchun ta’lim-tarbiya sifati bo‘yicha yagona yondashuv yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
2026-yilda har bir viloyatda bog‘cha tarbiyachilari pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi tayanch “Yangi avlod” bog‘chalari barpo qilinadi.
Mutasaddilarga “Yangi avlod” bog‘chasi loyihasini eski va bir xil yondashuvlardan chekinib, yangicha ishlab chiqish topshirildi.
Avvalroq oliy ta’lim vazirining barcha o‘rinbosarlari ishdan olingani haqida xabar berilgandi.