Oliy ta’lim vazirining barcha o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Joriy yil boshidan xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilar 195 ta medalni qo‘lga kiritdi. Ularga oshirilgan stavkada jami 10 mlrd so‘m, murabbiy o‘qituvchilariga esa 3,5 mlrd so‘m pul mukofoti beriladi.
Xorijiy til egalari jalb qilingan 1 mingdan ziyod maktabda til bo‘yicha sertifikat olgan o‘quvchilar soni bir yilda 2,5 barobar ko‘paydi.
“To‘g‘ri, maktabgacha va maktab ta’limida o‘zgarishlar bo‘lyapti, dasturlar ishlayapti, natijalar bor. Lekin kasb-hunar va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar haligacha ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetgani yo‘q”, — dedi davlat rahbari.
Shu bois, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari — birinchi o‘rinbosar Shoxruh Daliyev, o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov ishdan olingani e’lon qilindi.
Shuningdek, prezident farmoni va qarori bilan prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adham Xudayqulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan hamda Oliy ta’lim vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev lavozimidan ozod etildi.
Endilikda maktabgacha va maktab ta’limi hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirlari, ularning o‘rinbosarlari, hokimlar preventiv va proaktiv ishlashga o‘tib, ta’limning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Avvalroq 8-sentabr kuni prezident taʼlim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonda maktabgacha taʼlim qamrovi 80% dan past bo‘lgan hududlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi.